Mark Sukerberg Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlaridagi blogerlar o‘zining kontenti uchun pul ishlab olishiga yordam beradigan bonusli dasturlar ishga tushirilishini e’lon qildi. Loyiha uchun 1 milliard dollar mablag‘ ajratilgan, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

“Biz millionlab foydalanuvchilar uchun yaxshi platforma yaratishni xohlaymiz. Ular bu pul ishlashi uchun yangi dasturlar ishlab chiqyapmiz. 2022-yilga qadar Facebook va Instagram’da ajoyib kontent yaratgan mualliflarga mukofot sifatida 1 milliard dollargacha investitsiya kirish niyatidamiz”, — deydi Facebook rahbari.

Ta’kidlanishicha, 2021-yilning yozida kompaniya Instagram’da, kuzda esa Facebook’da maxsus dasturlarni ishga tushiradi va kontent yaratuvchilar bonuslar haqida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.

Amerikalik blogerlarga mo‘ljallangan dastlabki bonus dastur doirasida Instagram uchun Reels roliklarini yaratayotganlar rag‘batlantiriladi.

Facebook bu kabi pulli to‘lovlar TikTok’dagi foydalanuvchilarni “o‘ziga jalb etishiga” umid qilmoqda.

Avvalroq Sukerberg internetni isloh qilishni taklif etgandi. Sukerbergning fikriga ko‘ra, texnologik platformalar o‘zining algoritmi tarkibiga kirmaydigan kontentlarning istalgan qismi uchun javob berishga majbur bo‘lmasligi kerak.