O‘zbekiston va Pokiston yetakchilarining muzokaralari yakunlari bo‘yicha 15-iyul, payshanba kuni Ko‘ksaroy qarorgohida OAV vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon Afg‘onistondagi vaziyat haqida so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Imron Xonning qayd etishicha, Afg‘onistondagi vaziyat O‘zbekiston va Pokiston uchun judayam tashvishli, katta ahamiyatga ega.

“Biz bugun Afg‘onistondagi siyosiy holatni har tomonlama muhokama qildik. Har ikkala mamlakat Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar hisoblanadi. Shuning uchun ham bu mavzu biz uchun judayam tashvishli, katta ahamiyatga ega. Qolaversa, afg‘on xalqi mana 40 yildirki notinchlik, jang-u jadallardan aziyat chekib kelyapti.

Bu xalq bizga birodar xalq bo‘lgani bois sizning ham, bizning ham fikrlarimiz mushtarak bo‘ldiki, Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishga biz siyosiy murosa orqali yo‘lga qo‘yishga kirishishimiz kerak va bu yagona yechim bo‘lishi lozim. Va bu yo‘nalishda O‘zbekiston, Tojikiston, Eron, Pokiston va Turkiya bilan fikr almashib, bu ishga birgalikda kirishishga kelishib oldik. Birinchi qadam sifatida bizning tashqi ishlar vazirlarimiz bu yo‘nalishda muloqotlarni, muhokamalarni yo‘lga qo‘ysalar, keyinchalik davlat rahbarlari darajasida sammit o‘tkazish ham muhokama qilindi”, — deydi Pokiston bosh vaziri.

Avvalroq Imron Xon Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar temiryo‘l loyihasiga to‘xtalib o‘tib, “o‘zim va hukumatim bu g‘oyani amalga oshirishda ko‘makchi bo‘lamiz”, degan edi.