Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Alisher Safarov 9-iyul kuni o‘tkazilgan brifingda Respublikada identifikatsiya qilingan hayvonlar va sohada olib borilgan amaliy ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi, deb xabar bermoqda UzNews.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uning so‘zlariga ko‘ra, VIS-CHINOR yagona elektron ma’lumotlar bazasiga bugungi kunda chorvachilik xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan 160 mingdan ortiq identifikatsiya qilingan hayvonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilgan.

Alisher Safarovning qo‘shimcha qilishicha, respublikada veterinariya xizmatini rivojlantirishga Jahon banki va Yevropa Ittifoqining har biri tomonidan 2 million dollar grant ajratildi.

Ushbu grantlar doirasida har bir viloyat uchun 1 tadan veterinariya nazorati ostidagi obyektlarni dezinfeksiya va dezinseksiya qiluvchi maxsus avtotransport, sovitkichli avtomobillar, 25 ta zamonaviy videokonferensaloqa jihozlari, ming donadan ortiq avtomat shpris hamda 24 ta chegara veterinariya nazorati punktlariga zamonaviy laborator ekspress-analizatorlar (ovoskop, RN-metr, termometr, laktan), krematoriylar xarid qilinib, joylarga yetkazib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda barcha jonivorlar (yirik va mayda shoxli qoramollar, cho‘chqalar, otlar, eshaklar va tuyalar, shuningdek, kuchuk va mushuklar) bosqichma-bosqich identifikatsiya qilinib, yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi.

Hayvonlarga quloq uchun birka (yirik va mayda shoxli qoramol, tuya va cho‘chqalarda), tavro yoki kleyma (ot va eshaklar), jetonlarda (kuchuk va mushuklar) aks ettiriluvchi individual raqam beriladi. Identifikatsiya olish shartnomaga asosan pulli tartibda amalga oshiriladi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmati uchun quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:

  • har bir qoramol, ot, eshak va tuyalar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi;
  • har bir qo‘y, echki va cho‘chqalar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 foizi;
  • har bir it va mushuklar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1 foizi.