Taksichilik bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar respublikaning qaysi hududida faoliyatini amalga oshirishidan qat’i nazar 2021-yil uchun har oylik 150 ming so‘m qat’iy belgilangan miqdordagi va ijtimoiy soliqlarni to‘laydi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarov AOKAda o‘tkazilgan brifing davomida ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, ulardan berilgan litsenziya varaqasi bo‘yicha bir yilga 245 ming so‘m miqdorida davlat boji undiriladi.

“Bunda 2021-yilda 1-sentabrgacha YATT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlar uchun davlat boji undirilmaydi”, — deydi DSQ matbuot kotibi.

Avvalroq eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta o‘rindiqli yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilayotgani haqida xabar berilgandi. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab YaTT sifatida taksi faoliyati bilan shug‘ullanish faqatgina mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun boshlang‘ich to‘lov 5 barobarga kamaytirilib 690 ming so‘mni, oylik to‘lov 1,5 barobarga kamayib 425 ming so‘mni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 2020-yil 19-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘zini o‘zi band qilayotgan, kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilangandi. Yig‘ilishda Prezident tomonidan taksi haydovchilari ham daromad solig‘idan ozod etilishi qayd etib o‘tilgandi. Biroq iyun boshlaridan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ko‘paygan, lekin ular orasida Prezident aytgan taksichilar yo‘q edi.

2020-yil oktabr oxirlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mazkur farmon loyihasi va uning imzolangan versiyasi taqqoslanganida, undan bir nechta band, jumladan, jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilish uchun yo‘lovchilarni tashishga ruxsat berish to‘g‘risidagi band joy olmagani ma’lum bo‘lgandi.

2020-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov kirakashlik bilan shug‘ullanayotganlar o‘zini o‘zi band qiluvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tsa, aholining xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masala yuzaga kelishini aytgan edi. Shuningdek, u bu masala bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzilgani hamda maqbul yechim izlanayotganini aytgan.