• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12910.15
    • RUB159.78
    • EUR14660.77
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    “Vahimali ma’lumotlar odamlarni qo‘rqityapti”. Toshkent bozorlarida vaksinatsiya punktlari ochildi, ammo bu emlash sur’atiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmayapti

    O‘zbekistonda COVID-19 infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat murakkablashgani ortidan koronavirusga qarshi emlash jarayonlari 28-iyundan yangi bosqichga kirdi — Toshkent shahrida aholining 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlamini davlat budjeti hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlashga ruxsat berildi (keyinroq, iyul oyidan, xuddi shunday tartib Toshkent va Samarqand viloyatlarida, shuningdek, imkoniyatdan kelib chiqib, boshqa hududlarda ham joriy etildi). Aynan 28-iyundan Toshkent bozorlari va yirik savdo majmualarida 46 ta qo‘shimcha emlash punktlari paydo bo‘ldi.

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozoridagi vaksinatsiya punkti.

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozoridagi vaksinatsiya punkti.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Ammo bu yangilik poytaxtda emlash sur’atlarini sezilarli oshirishga xizmat qilganicha yo‘q. To‘g‘ri, misol uchun, 21—25-iyun sanalaridagi emlash ko‘rsatkichi (1—4 ming atrofida) bilan taqqoslaganda, sur’at kamida ikki marotabaga o‘sgandek ko‘rinadi. Biroq Andijon va Farg‘ona kabi vodiy viloyatlarida bir kunda 20 ming atrofida vaksina qo‘llanilayotgani e’tiborga olinsa, har kuni 4 millionga yaqin aholi harakatlanadigan va boshqa hududlardan farqli ravishda, qo‘shimcha vaksinatsiya punktlariga ega poytaxt uchun bu o‘sish mutlaqo qoniqarsiz ekani oydinlashadi.

    “Daryo” poytaxtning turli nuqtalaridagi qo‘shimcha emlash punktlarida bo‘lib, Toshkentda vaksinatsiya nima sababdan sust ketayotgani sabablarini o‘rganishga harakat qildi.

    Soat 10:00 gacha ham ochilmagan emlash punkti

    Chorsu, Eski Juva bozori. Bozor darvozalarida kelayotganlardan niqob taqish talab etilyapti, tana harorati o‘lchanib (pandemiya boshidagi kabi ma’suliyat va e’tibor bilan emas, albatta), qo‘llarga antiseptik vosita sepilyapti. Lekin bu choralar hammaga ham qo‘llanilayotgani yo‘q — darvozadagi birgina mas’ul bozorga kirib-chiqib yurgan o‘nlab odamlarning qay biriga ulgurardi? Bozor ichidagi metro bekatidan chiqib kelayotganlarga “maza” — ulardan hech kim niqob so‘ramaydi, qo‘liga spirt aralash suv ham sepmaydi.

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozorining kirish va chiqish qismi.

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozorining kirish va chiqish qismi.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Poliklinikalardan tashqaridagi qo‘shimcha vaksinatsiya punktlaridan biri aynan shu yerda, bozor ma’muriyati binosida joylashgan, ammo soat 08:00 dan o‘tgan bo‘lsa-da, hali shifokorlar yo‘q edi — ma’muriyatdagilarning aytishicha, emlash jarayoni har kuni 9:00—9:30 da boshlanadi (tong sahardan ish boshlaydigan bunday bozorda vaksinatsiya punkti soat nechadan ish boshlashi kerak o‘zi — bu ham javobi yo‘q qiziq savollardan biri).

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozoridagi vaksinatsiya punkti.

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozoridagi vaksinatsiya punkti.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Shifokorlarning yo‘qligi bir masala, boshqasi bir muhim masala — shu vaksinatsiya punktini topish. Bozorga kirishda ham, bozor ichida ham qaysidir do‘konda qandaydir chegirma yo xaridorgir bir narsa borligi haqidagi katta yozuvlarga ko‘zing tushadi, ammo biror joyda: “Mana bu yerda vaksina oling!” degan peshlavha yo‘q.

    Biz ham darvozadagi “karantin-og‘a”dan so‘rab olmasak, shifokorlari yo‘q bu punktni qidirib ancha ovora bo‘lardik. Shifokorlarni quruq kutib vaqt o‘tkazganimiz yo‘q, chor-atrofdagilardan vaksinatsiya haqida so‘radik. Shu bozorda aravakashlik qiluvchi Ravshan Aliyev vaksinaning foydasi ko‘pchilikda sezilganidan keyin emlanmoqchi. “Bozorda vaksinatsiya punkti ochilganini bilaman, lekin hali o‘zim olmadim, jarayon haqida to‘liq ma’lumotga ega emasman. Vaksinaning foydasi bor deb eshityapmiz, yomon tomoni yo‘qdir”, — deydi u.

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozorida aravakashlik qiluvchi Ravshan Aliyev.

    Chorsu, Eski Juva dehqon bozorida aravakashlik qiluvchi Ravshan Aliyev.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Ko‘p yillardan beri Chorsuda sotuvchilik qiladigan Naimaxon Vosiqova bozordagi emlash punktidan vaksina olgan tanishlarining ahvoli yaxshi ekanini aytdi. “Biroz shamollashim borligi uchun hali vaksina olmadim, ammo emlanish niyatim bor. Bozordagi punktdan sotuvchilar vaksina olyapti, ularning ahvoli yaxshi. Vaksina haqida televizordan bilyapman. Menimcha, vaksinaning yomon tomoni yo‘q. Baribir hamma koronavirusga qarshi emlanishi zarur, cho‘chish kerakmas”, — deydi Naimaxon opa. Aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i hozirgacha o‘zbek-xitoy vaksinasining ikki dozasini olgan, nojo‘ya ta’sirlar sezilmagan.

    Chorsu, Eski Juva dehqon dehqon bozorida sotuvchilik qiladigan Naimaxon Vosiqova

    Chorsu, Eski Juva dehqon dehqon bozorida sotuvchilik qiladigan Naimaxon Vosiqova
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Ayni vaqtda O‘zbekistonda eng qo‘llangan vaksina — ZF-UZ-VAC 2001 o‘zbek-xitoy vaksinasidir (vaksinatsiya jarayoni boshlanganidan beri Xitoydan O‘zbekistonga 6,5 million doza vaksina olib kelingan). Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyul holatiga O‘zbekistonda emlanganlarning 77 foiziga aynan shu vaksina qo‘llanilgan — Toshkent shahridagi qo‘shimcha emlash punktlarida ham aholiga aynan shu vaksina taklif qilinmoqda. Emlanganlarning 18 foiziga Hindistonda tayyorlangan AstraZeneca (Covieshield), 5 foiziga esa Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik-V” vaksinasi qilingan.

    Bozorda e’tiborimizni tortgan bir jihatni qayd etib ketish, bizningcha, joiz. Balki bizga shunday ko‘ringandir, ammo guruhimizning aynan kamera va mikrofonli a’zolari bozorga kirib kelgach, atrofida ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari ko‘payib qoldi — o‘tgan-ketgandan niqob talab qilish boshlandi (biz bozorga fotosuratchimizdan avvalroq kelgandik, bozor ancha sokin edi). Birdan har tomondan karantin qoidalariga amal qilish lozimligi haqidagi da’vatlar yangray boshladi, ichki ishlar xodimlaridan biri esa qo‘lidagi ovozkuchaytirgich (karnay) bilan, bozorni aylanib, niqob taqish lozimligi haqida tinmay baqirib turdi.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Kamiga bir necha Milliy gvardiya xodimi, aftidan, karantin talablarini buzganlikda gumon qilingan bir fuqaroning qo‘llarini — muxbirlar ko‘z oldida — qayirib, qayergadir olib ketishdi.

    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Bu vaqtga kelib soat 10:00 ga yaqinlashib qolgan, ammo Eski Juvadagi emlash punkti shifokorlaridan hali ham darak yo‘q edi...

    Facebook foydalanuvchisi German Stimbanning yozishicha, u 7-iyul kuni tushlik tanaffusidan foydalanib, qo‘shimcha vaksinatsiya punktlarining birida emlanib kelmoqchi bo‘lgan, biroq u borgan uchta — “Korzinka. Abay”dagi, Eski Juva (Chorsu) bozoridagi, Oloy dehqon bozoridagi shoxobchalar ishlamayotgan bo‘lgan. Chorsudagi punktni 20 daqiqacha izlagan — “katta va ko‘rinarli lavhalar yo‘q”, Oloydagi punktni esa to‘rtinchi urinishda, avtoturargoh xodimidan so‘rab topgan. “Oloydagi shoxobcha eshigiga ‘Koronavirusga qarshi vaksina’ degan lavha va qo‘l xati bilan vaksinatsiya 56-poliklinikada o‘tkazilayotgani hamda telefon raqami yozilgan qog‘oz bor edi. Qo‘shni xonadagilarning aytishicha, shifokorlar yakshanba kuni kelgan, o‘tirib-o‘tirib, keyin hamma poliklinikaga borsin deb ketgan. Shu bilan ‘vaksinatsiya punkti’ga boshqa qaytib kelmagan”, — deb yozadi Stimban.

    “Ko‘pchilikda vaksina haqida tushuncha yo‘q”

    Olmazor tumanidagi “Tansiqboyev” bozorida tashkil etilgan vaksinatsiya punktida sizni bozor muhiti tark etmaydi — emlash xonasining yarmi har turli mahsulotlar solingan qop va qutilarga to‘la. Qolgan yarmida, shundoqqina qoplar yonida joylashgan divanda shifokor xonim emlanish istagidagi fuqarolarni qabul qilmoqda. Bozorning emlanish istagida bo‘lmagan yoki allaqachon emlanib bo‘lgan xodimlari esa emin-erkin kirib-chiqib yuribdi, zarur bo‘lsa, birorta qopni ko‘tarib ham chiqib ketaveradi. Bu jarayonni esa qoplardan teparoqda, devorga osilgan davlat rahbarining portreti kuzatib turibdi...

    Tansiqboyev bozoridagi emlash punkti.

    Tansiqboyev bozoridagi emlash punkti.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Tansiqboyev bozoridagi emlash punkti.

    Tansiqboyev bozoridagi emlash punkti.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Ochilganiga bir haftacha bo‘lgan ushbu shoxobchada besh kunda 194 kishi (asosan erkaklar, 25 yoshdan katta fuqarolar) emlangan. “Kuniga o‘rtacha 30—40 kishi vaksina olyapti”, — deydi punktdagi emlash jarayoniga jalb etilgan 63-sonli oilaviy poliklinika shifokori Iroda Karimova. Uning qo‘shimcha qilishicha, bozordagi sotuvchilarning deyarli bari o‘zbek-xitoy vaksinasining birinchi dozasini olib bo‘lgan.

    Vaksina bilan emlashdan avval fuqaroning qon bosimi va pulsi tekshiriladi, avval qanday kasalliklarga chalingani so‘raladi. “Sog‘lom bo‘lsa, surunkali kasalliklari bo‘lmasa, vaksina qilinadi. Masalan, fuqaroning kuchli allergiyasi bo‘lsa, uni allergolog ko‘rigiga yuboramiz. Allergolog ruxsat bersa, fuqaro emlanadi”, — dedi shifokor. Iroda Karimovaning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida doimiy yashamaydigan, nafaqat viloyatlardan, balki boshqa davlatlardan kelgan fuqarolar ham emlanishi mumkin — birinchi dozani qabul qilishi bilan ularga emlangani haqida hujjat beriladi.

    Emlash punktidagi shifokor Iroda Karimova.

    Emlash punktidagi shifokor Iroda Karimova.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    “Emlanganlarga birinchi dozani olganini tasdiqlovchi hujjat topshiriladi, pasport ma’lumotlari esa ‘emlash.uz’ tizimiga kiritiladi. Unda fuqaroning emlangan sanasi, qanday vaksina olgani, vaksina raqami yoziladi. Fuqaro shu hujjatni ko‘rsatgan holda vaksinaning keyingi — ikkinchi-uchinchi dozalarini O‘zbekistonning istalgan hududida olishi mumkin. Biz emlash vaqtida fuqaroning yashash manzili va telefon raqamini yozib olamiz. Keyingi dozalarni olishidan bir necha kun avval fuqaroga eslatma sifatida SMS-xabar yuboriladi”, — deya tushuntirdi shifokor.

    Emlanganlarga beriladigan, birinchi dozani olganini tasdiqlovchi hujjat.

    Emlanganlarga beriladigan, birinchi dozani olganini tasdiqlovchi hujjat.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Ayni vaqtda, Iroda Karimovaning ta’kidlashicha, aksariyat fuqarolarda vaksina va vaksinatsiya jarayoni haqida umumiy tushuncha ham yo‘q, lekin asossiz vahima keragidan ortiq darajada. “Karantin qoidalarini buzayotganlarga chora ko‘rish ham, vaksinatsiya targ‘iboti ham yetarli darajada bo‘lmayapti, menimcha. Vaksinalarning salbiy ta’siri haqida tarqatilayotgan turli tekshirilmagan, vahimali ma’lumotlar, asosiz gap-so‘zlar odamlarni qo‘rqityapti. Vaksinatsiya jarayoni foydali ekanini aks ettiruvchi videoroliklarni ko‘paytirish, telekanallar orqali targ‘ib qilish kerak”, — deydi u.

    Shu vaqt go‘yoki shifokorning yuqoridagi so‘zlarini tasdiqlamoqchi bo‘lgandek, bozor atrofidagi savdo komplekslarining birida tozalik xodimasi bo‘lib ishlovchi Nasiba Mo‘minova emlash punktiga kirib keldi. Aytishicha, u jamoat joyida ishlagani bois, o‘zi va atrofidagilarning xavfsizligi, salomatligini o‘ylab, vaksina olgan, ammo shundan keyin vahimaga tushib qolgan.

    Tozalik xodimasi Nasiba Mo‘minova.

    Tozalik xodimasi Nasiba Mo‘minova.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    “Uydagilarga vaksina olganimni aytganimda, ular to‘g‘ri qabul qilishdi. Ammo ba’zi tanish-bilishlar ‘bekor vaksina olibsiz, ikki yildan keyin suyaklaringiz qurib ketarkan, shunday ma’lumotlar tarqalyapti’, deyishdi. Odamlarning bu gaplariga ishonmagan bo‘lsam ham, ammo vaziyat haqida bilish uchun bugun shifokorlar oldiga keldim. Hammasi Xudodan, vaksinani o‘z va boshqa odamlar salomatligiga qayg‘urganim uchun oldim, afsusda emasman”, — dedi Nasiba opa.

    Iroda Karimovaning qo‘shimcha qilishicha, aynan to‘g‘ri tushuntirish ishlari samarasida vaksina olmaslik fikridan qaytayotganlar ham bor. “Emlash punktimizga kelgan har bir kelgan odamga 5—10 minut vaqt ajratib, kerak bo‘lsa vaksinani qutisidan chiqarib ko‘rsatib, tushuntirishga harakat qilyapmiz. Shundan so‘ng o‘zi xohlab, vaksina olishga rozilik bildirayotganlar ham bor”, — dedi shifokor.

    Bozorda yana boshqa ko‘pchilik bilan suhbatlashdik. Ular orasida vaksinadan qo‘rqayotganlar ham, vaksina olmoqchi bo‘layotganlar ham, vaksina olib bo‘lganlar ham bor. Vaksina olmoqchi bo‘layotganlarning bir qismi bozordagi punktdagi berilayotgan vaksinani xohlamayapti, boshqa bir qismi esa u xohlagan vaksina poliklinikalarda tugab qolganini aytmoqda, uchinchi bir guruh esa avgustgacha kutmoqchi. Allaqachon emlanib bo‘lganlar esa ancha xotirjamdek ko‘rindi. Masalan, 80 yoshli Dekabrina Muchyeva shu vaqtgacha koronavirusga chalinmagani, o‘zi yashaydigan hudud poliklinikasida “Sputnik-V” vaksinasini olgani haqida o‘zgacha bir ko‘tarinkilik bilan hikoya qilib berdi.

    80 yoshli Dekabrina Muchyeva.

    80 yoshli Dekabrina Muchyeva.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    “Tushuncha bor, lekin savollar ko‘p”

    Next savdo majmuasidagi vaksinatsiya punkti 27-iyun kuni ish boshlagan, har kuni (xususan, majmua har doimgidan ham gavjumroq bo‘ladigan shanba va yakshanba kunlari ham) soat 08:00 dan 20:00 gacha Yakkasaroy tumanidagi 57-sonli oilaviy poliklinika xodimlari tomonidan emlash ishlari olib borilyapti. “Bir kunda o‘rtacha 50 kishi vaksina olyapti”, — deydi shifokor Surayyo Rajabova.

    Next savdo majmuasidagi vaksinatsiya punkti

    Next savdo majmuasidagi vaksinatsiya punkti
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Olmazordagi shifokorlar “kelayotgan odamlarda vaksina haqida tushuncha yo‘q” degandi. Poytaxt markazidagi tibbiyot xodimlarining ta’kidlashicha, “kelayotgan odamlarning aksariyatida vaksinatsiya haqida bilim, tushuncha bor, ammo savollari ham yetarlicha”. Masalan, ko‘pchilik “Sputnik-V” vaksinasini so‘rayapti (ammo emlash punktlarida faqat o‘zbek-xitoy vaksinasi bor): “Undan yo‘q desak, kelishini kutamiz deyishyapti”.

    Shifokor Surayyo Rajabova vaksina olishga kelganlarning har birining yurak urushi, o‘pka faoliyatini tekshirib ko‘radi 

    Shifokor Surayyo Rajabova vaksina olishga kelganlarning har birining yurak urushi, o‘pka faoliyatini tekshirib ko‘radi 
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    7-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga jami 280 ming doza “Sputnik V” vaksinasi olib kelingan — bu shu vaqtgacha olib kelingan o‘zbek-xitoy vaksinasi miqdoridan 23 barobar kam.

    Surayyo Rajabovaning qayd etishicha, ular ishlayotgan emlash punktida vaksina olganlar orasida Hindiston va Bangladesh fuqarolari ham bo‘lgan. “Ular kecha emlanib ketishdi. Umuman, bu yerga kelayotganlar ichida o‘rta va katta yoshlilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Yoshlar orasida emlanayotganlari juda kam. Menimcha, vaksinatsiya jarayonlari yoshlar o‘rtasida qoniqarli darajada targ‘ib qilinmayapti”, — deydi shifokor.

    Next’da muxbirlar guvohligida emlanganlar orasida 65 yoshli Dinat Zaitov ham bor. Yaqin kunlarda Moskvadan uning qizi va nevarasi kelyapti. “Ularning xavfsizligi uchun ham emlandim”, — deydi u. Otaxon ham aslida Rossiyaning “Sputnik-V” vaksinasini olish niyatida bo‘lgan, biroq poliklinikada bunday vaksina qolmagani, kutish kerakligini aytishgan. “Yo‘q narsani kutishdan foyda yo‘q, shu bois o‘zbek-xitoy vaksinasini oldim”, — dedi Dinat aka.

    65 yoshli Dinat Zaitov.

    65 yoshli Dinat Zaitov.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Otaxonning tan olishicha, u vaksina haqidagi noxush ma’lumotlarni o‘qib, avvaliga qo‘rqqan. Ammo vaksina olgan tanish-bilishlari orasida aziyat chekkanlar haqida eshitmagan, shu hol qaroriga ta’sir qilgan. “Lekin himoyalanish uchun vaksina olish kerak. Ming kishidan bittasiga nojo‘ya ta’sir qilayotgan bo‘lsa ham, qolganlarning ahvoli yaxshi-ku. Bitta natija uchun butun boshli vaksina ustidan qaror chiqarib bo‘lmaydi-yov”, — deydi u.

    Asli Zangiotada yashaydigan, lekin ishxonasi Beshyog‘och yaqinida bo‘lgan 23 yoshli Hayitbek Abdusalomov har kuni odamlar bilan muloqot qilishi kerakligi, boz ustiga, koronavirus bilan kasallanganlar soni yana osha boshlagani bois vaksina olishga qaror qilgan. “Poliklinikalarda odam ko‘p, navbat katta, meni esa bo‘sh vaqtim yo‘q. Internetda supermarketlarda ham vaksinatsiya bo‘layotganini bilib, Next’ga keldim. Mana, tezda vaksinani oldim ham”, — dedi u.

    23 yoshli Hayitbek Abdusalomov

    23 yoshli Hayitbek Abdusalomov
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Hayitbekning aytishicha, yaqinda onasi ham vaksina olgan, “ularda hech qanday nojo‘ya ta’sir sezilgani yo‘q”, shu sababli ham u vaksinalar haqida tarqalayotgan har xil gap-so‘zlarga ishonmaydi. “To‘g‘ri, emlanish istagim borligini bilgan ba’zi tanishlarim fikrimdan qaytarmoqchi bo‘ldi. Ammo men emlanishga ahd qildim. Aslida ‘Sputnik’dan olmoqchi edim, lekin internetda o‘zbek-xitoy vaksinasi haqida o‘qigach, uning samarasi ham yaxshi ekanini bildim va shundan olaverdim”, — deya qo‘shimcha qildi yigit.

    Shifokor Surayyo Rajabovaning ta’kidlashicha, vahima holati nafaqat hali vaksina olmaganlar, balki vaksinani olib bo‘lganlar orasida ham bor. Emlanganlarning vahimasiga esa, ko‘p jihatdan, ularning shifokor ko‘rsatmalariga amal qilmasligi sababchi.

    “Emlashdan avval nojo‘ya ta’sirga sabab bo‘luvchi omillar haqida aytamiz. Vaksina olgach, uch kun cho‘milmaslik, muzdek ichimlik va yegulik tanovul qilmaslik kerakligi haqida ogohlantiramiz. Ba’zi emlanganlar sovuq narsa yeb qo‘yib, tomog‘i og‘rib qoladi-da, keyin buni vaksina ta’siri deb o‘ylab, vahimaga tushadi. Aslida, tavsiyalarimizga qat’iy amal qilganlarda hech qanday asoratlar bo‘lmaydi”, — deydi shifokor.

    Shifokor Surayyo Rajabova

    Shifokor Surayyo Rajabova
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Shuningdek, ayrimlar vaksinaning birinchi dozasini olib, masalan, niqob taqmay qo‘yadi. Shifokorning tushuntirishicha, bu noto‘g‘ri. “Chunki birinchi yo ikkinchi dozani oldi degani niqobsiz yurish mumkin yoki koronavirus yuqmaydi, degani emas”, — deydi Surayyo Rajabova. Uning qo‘shimcha qilishicha, emlanganlik haqidagi hujjatga shifokorlar o‘z raqamlarini yozib qoldirishyapti — mabodo biror savol paydo bo‘lsa, yo o‘zini yomon his qilsa, maslahatga telefon qilishi uchun. Ammo “shu kungacha emlanganlar orasida hech qanday yomon asoratlar sezilmadi, birov bu haqda aytib, murojaat qilmadi”.

    “Targ‘ibotni kuchaytirish zarur”

    Sergeli mashina bozoridagi vaksinatsiya punktida dushanbadan boshqa (haftaning birinchi kunida bu bozor ishlamaydi) har kuni soat 08:00 dan 18:00 gacha o‘rtacha 30—40 kishi o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlanyapti. 10 kundan ortiq davom etgan faoliyat davomida hali birorta emlangan vaksinaning nojo‘ya ta’siridan shikoyat qilib kelgani yo‘q, ammo telefon qilib, maslahat so‘rab turganlar bor.

    Sergeli mashina bozoridagi vaksinatsiya punkti

    Sergeli mashina bozoridagi vaksinatsiya punkti
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Bozordagi emlash punktiga jalb etilgan 61-oilaviy poliklinika shifokori E’tibor Mamadaliyevaning ta’kidlashicha, emlanganlarga muzdek narsalar iste’mol qilmaslik, achchiq va sho‘r mahsulotlar, sitrus mevalar yemaslik, quyosh ostida yurmaslik, uch kun cho‘milmaslik tavsiya etiladi. “Odamlarning vaksinadan qo‘rqmasligi, ularda vahima uyg‘onib, noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lmasligi uchun ko‘proq targ‘ibot, tushuntirish ishlari olib borilishi zarur”, — deb hisoblaydi shifokor.

    61-oilaviy poliklinika shifokori E’tibor Mamadaliyeva.

    61-oilaviy poliklinika shifokori E’tibor Mamadaliyeva.
    Foto: “Daryo” / Madina Nurman

    Sergeli — rejadagi so‘nggi manzilimiz edi. Mashina bozoriga soat 13:00 da yetib borgan bo‘lsak, reportajga ma’lumot yig‘ish va suhbatni boshlash uchun yarim soatdan ko‘proq vaqt sarflashga to‘g‘ri keldi (bozor xodimlariga maqsadimizni qayta-qayta tushuntirish, ayrim xodimlarning qo‘pol muomalasiga xotirjam javob qaytarish, bir muddat nimani kutayotganimizni aniq bilmay o‘tkazgan vaqtimizda yo‘qotilgan asablarni hisobga olmay qo‘ya qolaylik — eng muhimi, bozorning bir necha bosqichli “rahbariyati” yakunda ruxsat berdi, ammo jaziramadagi mazkur kutilmagan “muhoroba”dan so‘ng to‘laqonli reportajga kuch qolmagandi...).

    08.07.2021, 10:00   Izoh (0)   91518
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    Maktabgacha ta’lim vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

    08.07.2021, 09:47

    Koronavirus sabab Britaniya pasportining “kuchi” O‘zbekistonniki bilan tenglashib qoldi — Bloomberg

    08.07.2021, 09:36

    “O‘zgidromet” vakili nima uchun tablolar 70 darajadan yuqori haroratni ko‘rsatayotganini tushuntirdi

    08.07.2021, 09:10

    Jizzaxda 123 mln so‘m kredit mablag‘larni talon-toroj qilib o‘zlashtirgan rahbarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

    08.07.2021, 08:39

    Guli Xonim Shayx O‘zbekistonning yetakchi ayollari, Oksforddagi tahsil va shlyapalar haqida

    08.07.2021, 08:10

    O‘zbekistonda transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imini hisoblash va to‘lash tartibi belgilandi

    08.07.2021, 07:17
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Siberian Wellness — O‘zbekistonda 15 yil


    Uklonda taksi haydovchilari uchun katta tadbir o‘tkazildi!


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    Mobiuz “MazzaFest”da yangi “Mazza” va “Mazza 2.0” tarif rejalarini taqdim etadi


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    Moliyaviy savodxonlik maktab ostonasidan boshlanadi


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi

     

    Tavsiya etamiz

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Fazoviy poyganing boshlanishi — Gagarinning parvozi yolg‘on bo‘lganmi?

    6 may, 18:00
    Audio Icon

    “Qurolli qushchalar”. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dronlar haqida

    5 may, 21:10
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    “Daryo” dayjesti: 8-mayning eng muhim xabarlari

    O‘zbekiston | 8 may, 23:20

    Sirdaryo, Namangan va Andijon viloyatlarida qariyb 88 kg giyohvandlik moddalarni olayotgan shaxslar ushlandi

    O‘zbekiston | 8 may, 23:04

    Aprelda respublika bo‘ylab 23 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi

    O‘zbekiston | 8 may, 22:20

    O‘zbekistonda 2024-yilda foydalanishga topshirilgan uylar soni ochiqlandi

    O‘zbekiston | 8 may, 22:05

    Rossiya va Xitoy boshqa mamlakatlarni Shimoliy Koreyaga nisbatan bosim o‘tkazishdan voz kechishga undamoqda

    Dunyo | 8 may, 21:45

    Surxondaryoda 53 tup Zarafshon archasi noqonuniy kesib tashlandi

    O‘zbekiston | 8 may, 21:30

    Rossiya va AQSH Yevropaga gaz yetkazib berishni tiklash yo‘llarini muhokama qilmoqda — Reuters

    Dunyo | 8 may, 21:15

    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi

    Reklama | 8 may, 21:00

    Toshkentda sodir bo‘lgan YTHdan so‘ng Onix haydovchisi voqea joyidan ketib qoldi

    O‘zbekiston | 8 may, 21:00

    Isroil G‘azo aholisini ko‘chirish uchun “Gideon aravalari” maxsus operatsiyasini tayyorlamoqda

    Dunyo | 8 may, 20:45
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.