Moskva ma’muriy avtomagistral inspeksiyasi taksi kompaniyalaridan xorijiy haydovchilik guvohnomasiga ega va tajribasi bo‘lmagan haydovchilar bilan shartnomalarni to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda “Incrussia.ru” nashri xabar berdi.

Foto: Meduza

“Yil davomida MADI inspektorlari uch yildan kam haydovchilik tajribasiga ega bo‘lgan chet ellik haydovchilarga oid 1,7 mingdan ortiq holatni qayd etgan. Bu esa amaldagi qonunchilikni buzilishidir”, — deya izoh bergan inspeksiya.

Qonunga ko‘ra, mamlakatda faqat Rossiya yoki Qirg‘iziston haydovchilik guvohnomasiga ega haydovchilar taksichilik qilishi mumkin. Shuningdek, shahar hokimligi rus tili rasmiy til sifatida qo‘llaniladigan mamlakatlarning haydovchilik guvohnomasi bilan ishlashga ruxsat berilgani, haydovchi kamida uch yillik haydash tajribasiga ega bo‘lishi kerakligini tushuntirgan.

Inspeksiyaning ma’lum qilishicha, 1-avgustdan boshlab Moskvada taksi xizmati ishlashni nazorat qilish tizimi ish boshlaydi. Unga ko‘ra, har bir haydovchiga identifikatsiya raqami beriladi, bu esa noqonuniy harakatlarni cheklaydi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada 2017-yil 1-iyundan taksi, avtobus, “marshrutka” va yuk mashinalari haydovchilarining xorijiy haydovchilik guvohnomalari bilan ishlashini taqiqlovchi qonun kuchga kirgan. Qonun 2013-yildayoq qabul qilingan, biroq uning kuchga kirishi muntazam kechiktirib kelinayotgan edi. Shunga qaramay, Rossiyada mehnat qilayotgan minglab haydovchilarga ushbu qonun ta’sir ko‘rsatgan va mamlakatning yirik shaharlarida vaqtinchalik taksi yetishmovchiligi yuzaga keltirgandi.