Ijtimoiy tarmoqlarda “Bozorlardan birida ayol kishi bir necha erkak tomonidan ayovsiz tahqirlandi” nomi ostida video tarqalgandi.

IIV ma’lum qilishicha, 2021-yil 5-iyun kuni Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va janjalkash shaxs sifatida tuman IIBning profilaktik hisobida turuvchi G.T. ismli ayol Chortoq tumaniga mast holda borib, shahar shohbekatida hech qanday sababsiz janjal ko‘targan va hududdagi do‘kon hamda boshqa obyektlarning oynalarini sindirib, do‘konlarga ziyon, o‘ziga esa tan jarohati yetkazgan.

Shu yerda ishlovchi somsapazning idishlarini ham sindirib tashlagandan so‘ng, 1988-yilda tug‘ilgan somsapaz X.Y. ayolga bu yerdan ketishini tushuntirgan, biroq ayol spirtli ichimlik talab qilib, janjal ko‘tarishda davom etgan.

Shundan so‘ng X.Y. ayolning sochidan tortib, uni bekatdan tashqariga olib chiqish uchun sudragan.

Namangan IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tgan. Chortoq tuman sudi ish bo‘yicha huquqbuzarlar va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ishga ilova qilingan dalil, hujjatlarni o‘rganilgan.

Foto: Namangan IIB

Unga ko‘ra, fuqaro X.Y. (somsapaz)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-modda 2-qismi (qasddan yengil tan jarohati yetkazish) bilan ayb e’lon qilinib, jarima jazosi belgilandi.

Fuqaro D.S. va A.S. (ayolni qo‘lidan tortib tinchlantirishga uringanlar)ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-modda 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Fuqaro A.T. (videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasi (zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Ushbu jarimalar davlat foydasiga undirildi.

Mast holda janjal ko‘tarib, hududdagi buyumlar va obyektlarga zarar yetkazgan ayolga esa 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan avval Toshkentda imkoniyati cheklangan qizni kaltaklagan ayol qilmishidan pushaymonligini aytib, uzr so‘ragani, Surxondaryoda uy masalasida qo‘shni ayolni kaltaklagan erkak jarimaga tortilgani hamda Chiroqchida erkak hokimlik binosi oldida qizni kaltaklagani sababi ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.