O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) matbuot xizmati Toshkent shahrida Porsche Taycan avtomobili ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi (YTH) haqida 29-may oqshomida — hodisadan to‘rt kun o‘tib axborot berdi.

Foto: Telegram / @yhxbb_uz

Xabar berishlaricha, 1990-yilda tug‘ilgan S.A. ismli haydovchi 25-may kuni soat 16:50 larda Porsche Taycan’ni Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasi bo‘ylab haydab ketayotib, “boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi ariq ustiga to‘xtab qolgan”.

YHXBB xabarida haydovchi nima sababdan boshqaruvni yo‘qotgani aytilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlarda Porsche undan oldinda harakatlanayotgan va uch polosali yo‘lning qariyb ikkinchi polosasidan chapga burilmoqchi bo‘lgan Spark’ni katta tezlikda quvib o‘tishga urinishi vaqtida yo‘ldan chiqib ketganini ko‘rish mumkin.

“YTH natijasida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi YHXBB axborotida. Bosh boshqarma barcha haydovchilardan “belgilangan qoidalarga, tezlik me’yoriga, yo‘l belgilari va chiziqlari talablariga rioya qilish”ni so‘ragan.

28-may, juma kuni ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Munisa Rizayevaning singlisiga tegishli Porsche Taycan avtomobili avariyaga uchragani haqida videoxabarlar tarqalgan edi. Keyinroq xonanda ham, uning singlisi Karima ham bu xabarlarni rad etib, mashina uyda bus-butun turganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Munisa Rizayeva aprel oyida singlisi Karimaga yaqinlashib kelayotgan tug‘ilgan kuni munosabati bilan Porsche Taycan avtomobilini sovg‘a qilgani haqida xabar berilgan edi. Munisa Rizayevaning o‘z so‘zlariga ko‘ra, bu avtomobil xaridi uchun taxminan 175 ming dollar sarflangan.