O‘zbekiston bilan chegaradosh Bog‘is (Bog‘ich) va Xiyobon qishloqlari rasman Qozog‘istonning Turkiston viloyati tarkibiga kiritildi. Bu haqda hukumat qarori 25-may kuni Qozog‘iston bosh vazirining rasmiy saytida e’lon qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Qayd etilishicha, Qozog‘iston hukumati umumiy maydoni 795,62 gektar bo‘lgan Bog‘is va Xiyobon aholi punktlari yerlarini qo‘shib, Turkiston viloyati chegaralarini o‘zgartirishga qaror qildi. 750 gektar maydonga ega Bog‘is qishlog‘i Turkiston viloyati Sariag‘ash tumani Akjar qishlog‘iga va 45,62 gektar maydonga ega bo‘lgan Xiyobon qishlog‘i Kurkeles qishlog‘iga qo‘shildi.

Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.

Tengrinews xabariga ko‘ra, Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasining uchastkalari to‘g‘risidagi bitim Qozog‘iston va O‘zbekistonning birinchi prezidentlari tomonidan 2002-yilda imzolangan. Bog‘is qishlog‘i va ilgari O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan beshta aholi punkti bo‘lgan Arnasay to‘g‘oni imzolangan shartnoma asosida Qozog‘istonga o‘tkazilgan.

Chegaradagi Bog‘is qishlog‘i Janubiy Qozog‘iston viloyatining Sariag‘ash shahridan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan. 2009-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, qishloqda 1143 kishi (563 erkak va 580 ayol) yashagan.

Ba’zi uylar, ularning maqomi aniqlanmaganligi sababli, taxminan, 19 yil davomida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qolgan, deb yozadi nashr. Ushbu turar joy Qozog‘istonga rasmiy ravishda xaritaga kiritilmagan. Aholi ushbu masala yuzasidan bir necha bor hokimiyatga murojaat qilgan.

Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimligi ilgari Bog‘is qishlog‘ining muammolarini hal qilishda “huquqiy jihatlar” mavjud deb hisoblagan, bu masalani ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari hal qilishi kerak bo‘lgan.

“O‘zingiz tushunasiz, Tashqi ishlar vazirliklarimiz ishlaydigan huquqiy jihatlar mavjud, delimitatsiyaning ushbu huquqiy jihatlari tugashi bilanoq, biz ularni avtomatik ravishda tegishli budjet dasturlariga kiritamiz”, — degan edi Janubiy Qozog‘iston viloyatining sobiq hokimi 2016-yilda.

Foto: “Otyrar.kz”

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev yaqinda hukumatga Bog‘is va Xiyobon qishloqlari bilan bog‘liq vaziyatni hal qilishni buyurdi.

Tengrinews ta’kidlashicha, 16-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Yerali Tug‘janov boshchiligidagi ishchi guruh qishloq aholisi bilan uchrashgan. Ular vazirga mulkni va yerni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yo‘qligidan shikoyat qilgan va boshqa muammolarni ko‘targan.

Natijada aholi punktlari rasmiy maqomga ega bo‘lib, ularning chegaralari tasdiqlanib, yer uchastkalari va mol-mulkni inventarizatsiya qilish yakunlandi. Iyul oyida mintaqadagi oltita qishloqqa tabiiy gaz yetkazib berilishi va 2022-yil Bog‘is qishlog‘ida 300 o‘rinli maktab qurilishi va’da berilgan.

Nashr Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga asoslanib, Bog‘is qishlog‘i yaqinidagi davlat chegarasining bir qismini demarkatsiya qilish 2004-yilda amalga oshirilganligini xabar qildi.

“Qozog‘iston—O‘zbekiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma tuzish orqali O‘zbekiston bilan chegarani demarkatsiya qilishni bir-ikki yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kelishuvning yo‘qligi Bog‘isdagi yer uchastkalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha ishlarga huquqiy to‘siq bo‘lmagan”, — deb yozadi nashr.

“Gazeta.uz” nashri ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasidan izoh so‘ragan, biroq nashr ushbu idoralardan holat bo‘yicha ma’lumot ololmagan.