Qirg‘iziston parlamenti — Yuqori Kengash yana bir bor mamlakatda turli bayram, to‘y va oilaviy tadbirlarni o‘tkazishni tartibga soluvchi qonun loyihasini taklif qilmoqda. Bu haqda Kloop xabar berdi.

Foto: Google Images

Xabarga ko‘ra, deputat Ulug‘bek Ormonov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasi allaqachon jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyihada, xususan, quyidagi cheklovlar mavjud:

  • oilaviy bayramlar, marosimlar va tadbirlarni 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan davrada o‘tkazish va ularga 100 kishidan kam mehmonlarni taklif qilish;
  • to‘y va ziyofatlarni bir kunda, 200 kishidan ko‘p bo‘lmagan odamlar bilan o‘tkazish, shuningdek, to‘y marosimlarida kuyov navkarlari 3 tadan ko‘p bo‘lmagan avtomobildan foydalanishi;
  • marhum uchun janoza namoziga keladigan odamlar sonini cheklamagan holda marosimni mol va otlarni so‘ymasdan o‘tkazish, janozadan keyin 100 kishidan oshmaydigan yig‘in bilan, qoramol va otlarni so‘ymasdan motam tutish.

Ushbu tadbirlardan tashqari, qonunda ziyoratchilarni kutib olish uchun cheklovlar joriy etilishi taklif qilingan. Deputatlar ziyoratchilarni kutib olish va uchrashuvlarni qat’iy ravishda oilaviy doirada o‘tkazishni taklif qilmoqda. Unda ichimliklardan foydalanish qat’iyan man etiladi.

Qonunda tadbirlar uchun vaqt chegarasi ham belgilangan. Taklif etilayotgan qonunga binoan, to‘y, oilaviy va yubiley tantanalar dam olish kunlari soat 08:00 dan 23:00 gacha, ish kunlari soat 18:00 dan 22:00 gacha o‘tkazilishi kerak.

Shuningdek, qonun buzilgan taqdirda jismoniy shaxslar uchun 17 500 som (2,1 million so‘m) va yuridik shaxslar uchun 55 000 som (6,8 million so‘m) miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi fonida deputat Ormonov ushbu qonun mamlakat fuqarolari orasida “ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlikni yo‘q qilish, shuningdek, moliyaviy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan ommaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash” uchun yaratilganini ta’kidladi.

Parlament a’zosi COVID-19 pandemiyasini ham qayd etishni unutmadi. Uning fikriga ko‘ra, mazkur qonun koronavirus yuqtirish bo‘yicha yangi holatlarni kamaytirishga yordam beradi.

Tadbirlar o‘tkazilishini cheklaydigan bunday qonun loyihasi Yuqori Kengash deputatlari tomonidan birinchi marta taklif qilinayotgani yo‘q.

2014-yilda ham xuddi shunday tashabbus deputat Qanibek Osmonaliyev tomonidan kiritilgan edi. O‘shanda u 200 kishilik to‘ylarni joriy qilishni taklif qilgan.

Osmonaliyev, shuningdek, bunday qonun xarajatlarni kamaytirishga, ushbu tadbirlarni “haqiqatan ommabop” qilishga va oilalardagi qashshoqlik darajasini kamaytirishga yordam beradi, deb ta’kidlagan. Deputatning tashabbusi qabul qilish darajasiga ko‘tarilmagan va unutilgan.

Ammo 2016-yilda bazm va to‘ylar uchun cheklovlar yana esga olindi. O‘sha paytda loyiha davlat va shahar xizmatchilariga tegishli edi. Qonunda 150 nafardan ziyod odamni to‘yga taklif qilish va beshdan ortiq mashinadan foydalanishni taqiqlash taklif qilindi. O‘shanda ham loyiha kuchga kirmadi va unutildi.