Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Jamol Nosirov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi Bahodir Ahmedov tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Bahodir Ahmedov 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirga qadar Olmazor tumani madaniyat va sport ishlari bo‘limi mudiri, Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Toshkent viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i, madaniyat va sport ishlari vazirining o‘rinbosari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi o‘rinbosari, Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari kabi mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan.
Shuningdek, u madaniyat va sport ishlari vaziri sifatida ham faoliyat olib borgan. Tayinlovga qadar esa O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida mas’ul lavozimda ishlab kelayotgan edi.
Bundan avval Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeriga ikki o‘rinbosar, Farg‘ona viloyati hokimiga, Namangan viloyati hokimiga, “O‘zgidromet” bosh direktoriga hamda Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlangani haqida xabar berilgandi.