Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 4-may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli masala ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda palata matbuot xizmati.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, majlisda deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari, “Adolat” SDP fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbarlari lavozimiga nomzodlarni ko‘rib chiqdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zuhra Ibragimova nomzodi “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari lavozimiga, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Xayrullo G‘afforov nomzodi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari lavozimiga ko‘pchilikning ovozi bilan saylandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning fevralida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeriga raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi ta’sis etilib, ushbu lavozimga deputat Odiljon Tojiyev saylangandi.