Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 4-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida O‘zbekistondagi maktablarda sinflarning to‘laligi va darslar ikki smenada olib borilayotgani sabablarini sanab o‘tdi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo”

Birinchi sabab — aholi sonining sezilarli darajada o‘sishi. 1991-yildan 2020-yilga qadar O‘zbekiston aholisi 16 million kishiga ko‘paygan, bu ko‘rsatkich Tojikistonda 4 million, Ozarbayjonda 2,8 million, Qozog‘istonda 2,3 million, Turkmanistonda 2,2 million, Qirg‘izistonda 2,1 million nafarni tashkil etgan.

Ikkinchi sabab sifatida vazir 2010-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davrda 9 yillik ta’limga o‘tilganini ko‘rsatgan. Shu vaqt ichida 1500 ga yaqin kollej va litseylar qurilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 11 yillik ta’lim qaytgach, 400 ga yaqin litsey va kollejlar maktabga aylantirildi. “Hammasining ham aylantirilmaganining sabablari bor. Birinchidan, hammasi ham maktab uchun qulay joyda joylashmagan, ikkinchidan, oliy ta’limni ham rivojlantirishga harakat qilindi. Shuningdek, u yerda kasb-hunar maktablarini tashkil etish masalasi ham qo‘yildi”, — degan u.

Sherzod Shermatov 10 yil davomida juda ko‘p maktablar binolari quvvati kamaygani sababli boshqa idoralarga foydalanish uchun berib yuborilganini ta’kidlagan. Bu 9 yillik maktab ta’limining joriy etilishi hamda litsey va kollejlar tashkil etilishi davriga to‘g‘ri kelgan.

Vazir keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda o‘quvchilar soni (6,24 million nafar) maktablar loyihaviy quvvatidan (5,06 million) sezilarli darajada oshib ketgan.

Foto: “Gazeta.uz”

“Shuning hisobiga ham maktablarimizning 70 foizdan ortig‘i ikki smenada ishlaydi. Hamma bir smenada bo‘lsin, deb aytishga harakat qiladi. Bu oson emas, bunga juda katta resurs talab qilinadi. Kelgusi yillarga prognoz qiladigan bo‘lsak, hozirgi shu tendensiya bo‘yicha ketsa, oradagi bu farq kattalashib boraveradi va o‘quvchi soni bilan o‘quvchi o‘rni o‘rtasidagi farq hozir bir million bo‘lsa, 2025-yilga kelib 2 millionga chiqishi mumkin. Bu degani, maktablar sig‘imidagi holat juda qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin”, — degan Sherzod Shermatov.

Vazirning ta’kidlashicha, 2018—2020-yillarda 2615 ta maktabni rekonstruksiya qilish va qurish uchun 2016-yilga va o‘tgan yillarga nisbatan 3−4 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan. 2021-yilda investitsiya dasturi doirasida 689 ta maktabni ta’mirlash, 23 tasini qurish rejalashtirilgan.

“Shu bilan birgalikda, aholining o‘sishi va yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hisobiga 3000 dan ortiq ta’mirtalab maktab bor (135 tasini qurish, 1177 tasini rekonstruksiya qilish, 1695 tasini kapital ta’mirlash kerak). Ularning yoniga sport zali, oshxonasi, burjuy pechkasi, atrofini o‘rashi kabi muammolarni qo‘shsak, taxminan 36 trillion so‘m (Markaziy bankning 4-maydagi kursi bilan 3,5 milliard dollar) mablag‘ talab etiladi. Lekin bizning bir yillik investitsiya dasturimiz 2 trillion so‘m atrofida mablag‘ bo‘ladi”, — dedi u.

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, 2018—2020-yillarda O‘zbekistonda 57,7 mingta yangi uylar qurilgan bo‘lsa, atigi 56 ta yangi maktab bunyod etilgan, yana 158 ta maktab qurish talab etiladi.

Foto: “Gazeta.uz”

Vazir deputatlardan davlat budjetini tasdiqlashda maktablarni rekonstruksiya qilish va qurish uchun ajratiladigan mablag‘larni, shu jumladan, mahalliy budjetlar darajasida ko‘paytirishni so‘radi.

XTV rahbari Prezidentning 2020-yil 6-noyabrdagi qarorida yangi massivlarda tijorat loyihalari asosida qurilayotgan har bir xonadonda 1,5 o‘quvchi o‘rniga mos maktab qurish majburiyati ko‘zda tutilganini eslatib o‘tgan. Sherzod Shermatov mazkur me’yorni Shaharsozlik kodeksiga kiritishni taklif qildi.

“Masalan, birgina Samarqandning Motrud mavzesini olib qaraydigan bo‘lsak, u yerda juda ko‘p xonadon qurildi. Lekin u xonadonlarga bittagina 1680 talik maktab qurdik. Hozir u yerga yana to‘rtta qurishimiz kerak. Agarda shu to‘rtta maktabni Samarqandga quramiz, deydigan bo‘lsak, bu yilgi butun ‘investka’miz shuning o‘ziga ketib qoladi. Bu Samarqandning qolgan 1200 ta maktabiga qo‘shimcha hech qancha mablag‘ ajratish imkoniyati bo‘lmay qoladi, degani”, — deya izoh bergan u.

XTV rahbari maktablarni qurish va ta’mirlashga homiylik yordamlarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani haqida ham aytib o‘tgan.