AQShda 2021-yil qochqinlarni qabul qilish kvotasi 15 mingdan 65 minggacha oshiriladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Jo Baydenning Oq uy saytida e’lon qilingan tegishli bayonotiga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: AP Photo

“Ma’muriyatimning Kongress bilan avvalroq olib borgan maslahatlashuviga asoslanib, men 2021-moliya yilida qabul qilinadigan qochqinlar sonini 62 500 ga ko‘tarish insonparvarlik masalalariga, shuningdek, mamlakatning milliy manfaatlariga mos keladi, degan qarorga keldim”, — deyiladi Baydenning bayonotida.

Shuningdek, bayonotda avvalgi ma’muriyat tomonidan AQShga kirish huquqidan mahrum bo‘lgan 2000 kishi yaqin kelajakda mamlakatga qabul qilinishi aytilgan. Bayden qochqinlarni qabul qilish kvotasining ko‘payishi uning saylovoldi dasturining bir qismi ekanini eslab o‘tdi.

Qochqinlarning eng yirik oqimi Afrikadan kelishi kutilmoqda. Ushbu mintaqa uchun kvota 22 ming kishini tashkil etadi. Undan keyin O‘rta Sharq va Janubiy Osiyo — 13 ming, Sharqiy Osiyo — 6 ming, Lotin Amerikasi va Karib havzasi — 5 ming, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyodan 4 ming qochqin qabul qilinadi. Yana 12,5 ming joy zaxira sifatida ajratilgan.

16-mart kuni Bayden 2021-yilda qochqinlarni qabul qilish kvotasini 15 ming miqdorida ushlab turadigan farmonni imzoladi. Bu ko‘rsatkich 2020- yilning oktabrida avvalgi prezident Donald Tramp tomonidan belgilab qo‘yilgan edi.

ABC News telekanaliga bergan intervyusida Bayden qochqinlarni AQShga “kelmaslikka” chaqirgan. “O‘z shahringiz yoki yashash joyingizni tark etmang”, — degan edi o‘sha paytda AQSh prezidenti. Davlat rahbarining ushbu qarori prezidentlikka Baydenning nomzodini ilgari surgan Demokratik partiyaning tanqidiga uchradi. Illinoys shtatidan senator Dik Durbin mavjud vaziyatni qabul qilib bo‘lmaydigan deb atadi. Natijada 18-aprel kuni Bayden qochqinlarni AQShga kiritish kvotasini oshirmoqchiligini ma’lum qildi.

Aprel oyi oxirida Meksika bilan chegaradagi inqiroz sharoitida AQSh Arizona shtatining olti okrugida favqulodda holat e’lon qildi. Tartibni saqlash uchun okruglarga Milliy gvardiya askarlari yuborildi. Ta’kidlanishicha, shtat hokimiyati chegarachilar tomonidan ushlab qolinayotgan muhojirlar sonining keskin ko‘payishi sababli shunday qarorga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, AQShga Markaziy Amerikadan so‘nggi 20 yil ichida rekord darajada ko‘p noqonuniy muhojirlarning kelishi kutilmoqda.