Toshkentda yo‘lovchilar oqimi kam bo‘lgan yo‘nalishda qatnovchi katta hajmli Mercedes-Benz avtobuslari o‘rnida yakshanba kunlari Isuzu avtobuslari qatnay boshlaydi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“‘Toshshahartransxizmat’ AJ tarkibiga kiruvchi avtobus saroylari tasarrufidagi katta hajmli Mercedes-Benz avtobuslaridan samarali foydalanish maqsadida haftaning yakshanba kunlarida yo‘lovchilar oqimi kam bo‘lgan 34-, 37-, 40-, 67-, 80-, 97-sonli avtobus yo‘nalishlarida 2021-yil 2-may kunidan boshlab, keyingi o‘rinlarda haftaning har yakshanba kunlarida Mercedes-Benz  avtobuslari o‘rniga Isuzu avtobuslarining tasarruf etilishi yo‘lga qo‘yiladi”, — deyiladi xabarda.

Yo‘lovchilar tashish uzluksizligini ta’minlash maqsadida ushbu yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi avtobuslar soni, qatnov vaqti va avtobuslarning oraliq vaqti o‘zgartirishsiz qoladi. “Toshshahartransxizmat” keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raydi.

Telegram’dagi “Ko dnu” kanali 2-may, yakshanba kuni Mercedes’lar o‘rnida qatnagan avtobuslar soni va ularni kutish vaqtiga oid ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

  • 34-sonli avtobus — 5 ta Mercedes o‘rniga 3 ta Isuzu — o‘rtacha kutish vaqtida 35 daqiqa;
  • 40-sonli avtobus — 6 ta Mercedes o‘rniga 2 ta Isuzu va 1 ta LE60 — o‘rtacha kutish vaqtida 40 daqiqa;
  • 37-sonli avtobus — 6 ta Mercedes o‘rniga 4 ta Isuzu — o‘rtacha kutish vaqtida 25 daqiqa;
  • 67-sonli avtobus — 5 ta Mercedes o‘rniga 2 ta Isuzu va 2 ta LE60 — o‘rtacha kutish vaqtida 25 daqiqa;
  • 80-sonli avtobus — 5 ta Mercedes o‘rniga 2 ta Isuzu va 1 ta MAN — o‘rtacha kutish vaqtida 45 daqiqa;
  • 97-sonli avtobus — 5 ta Mercedes o‘rniga 3 ta Isuzu — o‘rtacha kutish vaqtida 45 daqiqa.

“Odamlarni jamoat transportidan ajratish uchun yana bir muhim qadam qo‘yildi. Buncha vaqt avtobusni hech kim kutmaydi”, — deb yozadi kanal muallifi.

Avvalroq Toshkentda tarovih namozi munosabati bilan har Ramazon oqshomida qator avtobuslar yo‘nalishi o‘zgarishi to‘g‘risida xabar berilgandi.