“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
23:46, 03.05.2021 25254

“Manchester Yunayted” “Old Trafford”da namoyish o‘tkazgan muxlislarning jinoiy harakatlarini aniqlashda politsiya bilan hamkorlik qilishini ma’lum qildi

“Manchester Yunayted” Angliya Premyer Ligasining 34-turidan o‘rin olgan “Liverpul”ga qarshi uchrashuv qoldirilganligi munosabati bilan bayonot berdi.

Foto: Twitter

Kechagi voqealarda ko‘plab muxlislar o‘zining norozilik bildirish huquqidan foydalanishni va o‘z pozitsiyasini tinch yo‘l bilan ifoda etishni xohladi, ammo ba’zilar jamoaning tayyorgarligini va o‘yinning o‘tkazilishiga xalaqit qilishni istadi, buni ularning Lowry Hotel mehmonxonasi va stadiondagi harakatlari tasdiqlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida namoyishchilar stadion va maydonga klub xodimlari tomonidan ochib berilgan darvozalar orqali kirib borishga muvaffaq bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar mutlaqo haqiqatga mos emas.

Stadion oldidagi to‘siqlar va xavfsizlik ustunlarini yorib o‘tgan ba’zi namoyishchilar darvozadan oshib o‘tib, tribunaning yon eshigini ochdi va boshqalarning ham maydonga kirishiga imkon yaratdi.

Namoyishchilar imkoniyati cheklanganlar uchun mo‘ljallangan liftning eshigini buzgach, ikkinchi yo‘lak paydo bo‘ldi. Bu esa bir guruh odamlarga tribunaga chiqish imkonini berdi.

Aksariyat muxlislarimiz yetkazilgan zararni, shuningdek, klub xodimlari, politsiya yoki boshqa muxlislarga nisbatan har qanday zo‘ravonlikni qoralaydi, endi bu ish bilan politsiya shug‘ullanadi.

Klub tinch yo‘l bilan namoyish o‘tkazganlarning jazolanishini istamaydi, ammo jinoiy harakatlarga aloqadorlarni aniqlashda politsiya bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, klub har qanday aniqlangan klub a’zolari yoki mavsumiy chiptalar egalariga nisbatan o‘z sanksiyalarini qo‘llaydi.

“Manchester Yunayted” bayonoti

Eslatib o‘tamiz, 2-may, yakshanba kuni minglab “Manchester Yunayted” muxlislari “Old Trafford” stadioni (maysa ustida ham) va uning atrofida klubga egalik qiluvchi Gleyzerlar oilasiga qarshi norozilik o‘tkazdi va oqibatda jamoaning “Liverpul”ga qarshi o‘yini noma’lum muddatga qoldirildi. Uchrashuvning yangi sanasi hamon e’lon qilingani yo‘q.

33-turdan keyin “Manchester Yunayted” 67 ochko bilan musobaqa jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi, jamoa peshqadam “Manchester Siti”dan 13 ochkoga ortda qolmoqda. “Liverpul” esa 54 ochko bilan 6-pog‘onani band etgan. Agar mazkur uchrashuvda “Liverpul” g‘alaba qozonganida, “Siti” chempionlikni tantana qilgan bo‘lardi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar