Sardoba suv ombori to‘g‘onning shikastlangan qismida 800 metr uzunlikda damba barpo etilib, ta’mirlash-tiklash ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu haqda favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Abdulla Qo‘ldoshev 30-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan maxsus brifingda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Madina Nurman.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Abdulla Qo‘ldoshevning ta’kidlashicha, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston hamda O‘zbekistonning yuqori malakali ekspertlarining tahlil va xulosalari asosida o‘pirilish sabablari atroflicha o‘rganib chiqilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Moskva davlat qurilish universiteti, “Qurilish sohasida muhandislik izlanishlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri” davlat ilmiy-tadqiqot loyiha instituti tomonidan to‘g‘onning mustahkamligini aniqlash bo‘yicha muhandislik-qidiruv izlanishlari va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borildi.

“Xususan, to‘g‘on bo‘ylab 45 metrgacha chuqurlikda 60 ta geologik tik quduqlar qazilib, 2100 ta tuproq namunalari olindi hamda zamonaviy laboratoriya uskunalari yordamida ularning fizik, mexanik va kimyoviy xususiyatlari o‘rganildi; inshootning deformatsiyasini o‘rganish maqsadida to‘g‘on bo‘ylab 423 ta maxsus belgi va 21 ta tayanch geodeziya nuqtalari o‘rnatildi; to‘g‘ondagi gorizontal siljishlarni aniqlash uchun 444 ta nuqtada xalqaro va davlat standartlari asosida yuqori aniqlikdagi maxsus o‘lchovlar amalga oshirildi”, — degan Abdulla Qo‘ldoshev.

Shuningdek, FVV vakilining bildirishicha, malakali mutaxassislardan iborat maxsus ishchi guruhlar tuzilib, respublikadagi barcha yirik gidrotexnik inshootlar texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ko‘rik natijalari asosida ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Bu sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 5-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida suv ombori masalasida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda barcha dambalar chuqur ekspertizadan o‘tkazilishini, shundan so‘ng yakuniy xulosa chiqarilishini ta’kidlagandi. Davlat rahbari o‘sha oyda Sirdaryo viloyatiga safari davomida Sardoba suv omborida 1-may kuni yuz bergan avariya sabablarini o‘rganish uchun xalqaro ekspertlar guruhi chaqirilganini ma’lum qilgandi.

2021-yilning fevralida Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nasrullo Boboyev Sardoba suv ombori qayta qurilishi, bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinganini aytgandi.