O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Tojikiston favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiyni qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida bugungi kunda ikki birodar mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va qat’iy harakatlari tufayli yuksak darajaga erishilganini alohida ta’kidladi.

Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan va jadal rivojlanishda davom etmoqda, aniq mazmun bilan boyimoqda.

Yaqin oylarda Tojikistonga oliy darajadagi tashrif rejalashtirilgan bo‘lib, bugun ikki mamlakat hukumatlari uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish ustida astoydil ishlamoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasiga erishishdagi katta xizmatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun elchi Sodiq Imomiyni O‘zbekiston Faxriy yorlig‘i bilan taqdirladi.

Diplomat uning mamlakatdagi faoliyati yuksak baholangani va har tomonlama qo‘llab-quvvatlangani uchun O‘zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sodiq Imomiy mamlakatlar va o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi maqsad va vazifalarni so‘zsiz amalga oshirishga bundan buyon ham bor kuch-g‘ayratini qaratishini ta’kidladi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev qator davlat elchilari va tashkilot vakillarining ishonch yorliqlarini qabul qilgani hamda Abdulaziz Komilov O‘zbekistondagi missiyasini yakunlayotgan Tojikiston elchisini qabul qilgani haqida xabar berilgandi.