Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z o‘g‘li, bosh vazir o‘rinbosari, Oliy nazorat palatasi raisi va “Turkman alabayi” Xalqaro assotsiatsiyasi rahbari Serdar Berdimuhamedovni “Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan itboqar” unvoni bilan taqdirladi. Bu haqda Central Asia xabar berdi.

Foto: Central Asia

Davlat rahbarining tegishli farmoni 21-aprel kuni imzolandi, deb xabar bergan Turkmaniston televideniyesining “Vatan” yangiliklar dasturi.

Serdar Berdimuhamedov ushbu faxriy unvonga “Turkmaniston mustaqilligi yillarida zamonaviy dunyo ilm-fan yutuqlaridan foydalanish, dunyoda alabaylar shon-sharafini oshirish, tizimli parvarishlash va naslchilik masalalarida erishgan katta yutuqlari uchun, turkman xalqining boy madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy seleksiyani rivojlantirishda va takomillashtirishdagi ko‘p yillik vijdonli va fidokorona mehnatni hisobga olgan holda, milliy kinologik maktabning eng yaxshi an’analarini ommalashtirishdagi katta yutuqlari uchun, qolaversa, Turkmanistonning Alabay kuni munosabati bilan” loyiq deb topildi, — deyiladi prezident farmonida.

Serdar Berdimuhamedovga ko‘krak nishoni va sertifikat topshirildi.

Turkmanistonda Berdimuhamedov tashabbusi bilan joriy etilgan alabay iti sharafiga bayram kuni aprel oyining har so‘nggi yakshanbasida nishonlanadi.

Avvalroq Turkmanistonda bir martalik mukofot pullari va oylik pul mablag‘lari berishni ko‘zda tutuvchi xalq itboqari va xizmat ko‘rsatgan itboqar unvonlari ta’sis etilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Turkmaniston prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putinga alabay kuchugini sovg‘a qilgan, kuchukka “Sodiq” laqabi berilgan. 2019-yilning mayida u Rossiya sobiq bosh vaziri Dmitriy Medvedevga ham alabay sovg‘a qilgan. 2020-yil noyabr oyida Berdimuhamedov Ashxobodda alabay itiga atab o‘rnatilgan oltin haykalni ochib bergandi.

Turkman alabayi yoki bo‘ribosar iti — O‘rta Osiyo cho‘pon itining bir turi. Axalteke oti bilan bir qatorda, alabay Turkmanistonning milliy boyligi hisoblanadi. Mamlakatda rasmiy ruxsatsiz zotli hayvonlarni xorijga eksport qilish taqiqlanadi.