Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatda muddatidan ilgari parlament saylovlari o‘tlazilishi tufayli aprelning oxirgi o‘n kunligida hukumat rahbarligidan iste’fo berishini ma’lum qildi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

“Aprelning oxirgi o‘n kunligida iste’foga chiqaman. Iste’fo berganimdan keyin yetti kun o‘tgach, parlamentda yangi bosh vazir o‘rni uchun saylovlar o‘tkaziladi. Bosh vazirlik uchun nomzodimni ‘Mening qadamim’ fraksiyasidan qo‘yaman”, — degan Pashinyan parlamentda o‘tkazilgan “hukumat soati”da.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Mening qadamim” fraksiyasi Pashinyan nomzodini ikkinchi marta bosh vazirlik lavozimi uchun ilgari suradi.

“Qolgan fraksiyalar bosh vazir o‘rnini egallash uchun o‘z nomzodlarini yana taqdim qilmaydi. Men yana saylanmayman, shu tariqa Armaniston parlamenti qonun kuchi bilan tarqatib yuboriladi va 20-iyunda yangi parlament uchun muddatidan ilgari saylovlar o‘tkaziladi”, — deya qayd etgan Pashinyan.

Armaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, parlament tarqatib yuborilishi uchun mamlakat bosh vaziri iste’foga chiqishi zarur. Agar parlament ikki marta yangi bosh vazirni tanlay olmasa, avtomatik ravishda tarqatib yuboriladi va qaytadan saylovlar o‘tkaziladi. Yangi bosh vazir parlamentdagi ko‘pchilikning ovoziga ega bo‘lishi lozim.

Saylovlar parlament tomonidan qabul qilingan Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar doirasida o‘tadi va unda saylovlarning reytingli tizimidan voz kechilgan va ovoz berish jarayoni proporsional tizimda o‘tkaziladi.

Parlamentdagi muxolif fraksiyalar “Nurli Armaniston” hamda “Rivojlanayotgan Armaniston” saylovlarning yangilangan ovoz berish tizimi asosida o‘tishiga rozilik bergan.

Parlamentga kirmagan muxolifat esa Armanistondagi saylovlarning muvaqqat hukumat tuzilganidan keyin o‘tkazish maqsadga muvofiqligini bildirgan.

Pashinyan mart oxirida muddatidan avvalgi saylovlar o‘tkazilishini ta’minlash uchun aprelda iste’foga chiqishni va’da qilgandi.

Armanistondagi siyosiy inqiroz hamda Pashinyanning iste’fosini talab qiluvchi norozilik namoyishlari 2020-yil 10-noyabrda hukumatning Rossiya va Ozarbayjon rahbarlari bilan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolanganidan so‘ng boshlangandi. Ushbu shartnomaga binoan Boku Qorabog‘ hududining bir qismi ustidan nazoratni qo‘lga kiritgandi. Pashinyanning siyosiy muxoliflari va oppozitsiya tarafdorlari sulh shartlaridan norozi bo‘lib, bosh vazirni Ozarbayjonga taslim bo‘lganlik va o‘z xalqiga xiyonat qilganlikda ayblagan. Olimlar, madaniyat arboblari, barcha katolik armanlar rohibi Garegin II, Armanistonning uch nafar sobiq prezidenti, shuningdek, Bosh shtab qo‘mondonligi Pashinyanni iste’foga chiqishga chaqirgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha uch nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qamoqqa olindi 
Dunyo
G7 davlatlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda — Bloomberg
Mahalliy
Oʻzbekistonning yanvar oyidagi budjet daromadi ochiqlandi