Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Toshkent—Shovot” yo‘nalishidagi poyezdda o‘z o‘rnini pullashga uringan vagon kuzatuvchisi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati buyrug‘i bilan ishdan bo‘shatildi. Bu haqda voqealar ishtirokchisi bo‘lgan “Daryo” muxbiri ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Daryo” muxbiri 2021-yilning 3-aprel kuni “Toshkent—Shovot” yo‘nalishidagi poyezdda Buxoroga qaytish maqsadida chiptada belgilangan vagonga chiqqan. Jurnalist vagonda ko‘rsatilgan o‘rniga joylashmay turib, vagon kuzatuvchisi unga o‘z o‘rnini pullashga uringan.

Egnidagi xizmat kiyimida Nodir Isayev Baxtiyorovich yozuvi qayd etilgan vagon kuzatuvchisi jurnalistga o‘ziga tegishli bo‘lgan kupedagi o‘rnini 100 ming so‘m evaziga berishini, alohida xonaga hech kim kirmasligini va uni bezovta qilmasligini bildirgan.

Suhbat orasida vagon kuzatuvchisi: “Plaskartga bilet olsalaringiz, buyog‘i bilan gaplashilsa, arzon tushadi”, — deya qo‘shimcha ham qilgan. Jurnalist vagon kuzatuvchisini suhbatga tortib, yo‘l haqini arzonlashtirish bo‘yicha yana qanday sirlar borligiga qiziqqan.

Jurnalist: 100 ming so‘m qimmat-da! 50 ming so‘m bo‘lmaydimi?Vagon kuzatuvchisi: Yo‘q, mening “rasxod”im bor.Jurnalist: Qanaqa “rasxod”?Vagon kuzatuvchisi: Mana shu joyning “rasxod”i bor, odam qo‘ysak... To‘g‘ri tushuning!Jurnalist: O‘zi vagon kuzatuvchisi uchun belgilangan o‘ringa bilet sotilmaydi-a?Vagon kuzatuvchisi: Yo‘q!Jurnalist: Ha, ammo sal qimmatroq ekan-da. Shundoq ham biletni 150 ming so‘mdan ortiqqa olsak. Bu pullar o‘zingizga qolsa.Vagon kuzatuvchisi: Menga qolmaydi!Jurnalist: Kimga qoladi?Vagon kuzatuvchisi: Odamlar bor-da, sizga tushuntirib bermayman-ku!

Jurnalist Facebook’da bu haqda post yozgach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari holatni qoralagan. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati esa vaziyatga e’tibor qaratgan.

“Daryo” muxbiriga ko‘ra, holat “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatining marketing va servis xizmatlari bo‘yicha direktori Sunnatilla Hamidov tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish davomida ushbu masala ishchi-xodimlar ishtirokida muhokama qilingan. Va haqiqatan ham muammoga sabab bo‘lgan holatlar yuzaga kelgani ochiqlangan. “Ichki mehnat tartib qoidalari” talablari buzilgani uchun poyezd boshlig‘i (A.Hakimov) hamda mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi-poyezdlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish filialining poyezd jamoalarini tuzish bo‘yicha yetakchi muhandisi (X.Sanatullayev)ga nisbatan Mehnat kodeksining tegishli moddalariga asosan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

“Vagon kuzatuvchisi Nodir Isayevning o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilishga uringani ochiqlandi. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 99-moddasiga asosan, 2021-yilning 5-aprelidan boshlab bekor qilindi. Vagon kuzatuvchisiga ishlagan davri uchun foydalanilmagan mehnat ta’tilining 12 ish kuniga pullik kompensatsiya to‘lanadi va ixtiyorida bo‘lgan barcha hisobot hujjatlari va tovar-moddiy boyliklari qonunda belgilangan tartibda qabul qilib olinadi”, — dedi Sunnatilla Hamidov.

Sunnatilla Hamidovga ko‘ra, ayni paytda vagon kuzatuvchisining o‘z o‘rnini sotish bilan bog‘liq “rasxod”ni qaysi odamlar bilan bo‘lishishi haqidagi munosabati qanday zanjir hosil qilishi o‘rganilmoqda.

Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati o‘z munosabatida sohadagi kamchiliklarning oldini olishda va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik e’tiborining muhimligini ta’kidlagan va minnatdorligini bildirgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Toshkentda zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro anjuman — suratlarda
Dunyo
Trampning sobiq maslahatchisi prezident saylovida qatnashishga tayyorligini bildirdi
Madaniyat
“Kuniga 1 000 dollar topganda talash bo‘lgan ota keksayganda hech kimga kerak bo‘lmay qoldi” — Bobomurod Hamdamovning kelini oiladagi kelishmovchiliklar haqida (vi...