Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 5- va 6-aprel kunlari NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg, Buyuk Britaniya va Kanada bosh vazirlari Boris Jonson va Jastin Tryudo bilan muzokaralar o‘tkazdi. Zelenskiy Jonson va Tryudodan Rossiyaga xalqaro bosimni kuchaytirishni va Ukraina uchun NATOga a’zolik harakatlari rejasini (MAP) ishlab chiqishga yordam berishni so‘radi. Bu haqda batafsil Meduza xabar berdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg

Foto: AFP

Stoltenberg bilan suhbatda Zelenskiy “NATO — Donbassdagi urushni to‘xtatishning yagona yo‘li” va “MAP Rossiya Federatsiyasi uchun haqiqiy signal bo‘ladi” dedi. 7-aprel kuni Litva NATOga Ukrainani ushbu reja bilan ta’minlashni  taklif qilmoqchiligini ma’lum qildi.

Kreml Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Donbassdagi inqirozni yanada kuchaytiradi, deb hisoblamoqda

“Bu Ukrainaga qandaydir tarzda ichki muammolarini yengishda yordam berishiga shubhamiz bor. NATOga qo‘shilish haqida gap ketganda, odamlarning fikrlarini hech qanaqasiga chetlab o‘tmaslik kerak. O‘zlarini respublikachilar deb e’lon qilgan bir necha million odamlarning fikrini so‘rasangiz, ular NATOga a’zo bo‘lishni chuqur qabul qila olmasligini tushunasiz”, — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

AQSh NATOning yangi a’zolarini bajonidil  qarshi olishini aytdi. Ammo ular ittifoq standartlariga javob berishi kerak.

“Biz Ukraina hukumatini chuqur, keng qamrovli va o‘z vaqtidagi islohotlarni amalga oshirishga undashda davom etmoqdamiz”, — dedi AQSh Davlat departamenti vakili Ned Prays. Rossiya va Ukraina chegarasidagi keskinlashuv fonida AQSh Ukrainani NATOga qabul qilish jarayonini tezlashtirishni rejalashtiryaptimi yoki yo‘qmi, degan savolga javoban Prays AQSh Ukrainadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini takrorladi. Oq uy vakili Jenifer Psakining aytishicha, AQSh Ukrainaning NATOga intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo a’zolik to‘g‘risida qarorni ittifoqning o‘zi qabul qiladi.

 Ukraina hozircha NATOga kirish standartlariga javob bermaydi

Xususan, korrupsiya darajasi va hal qilinmagan hududiy nizolar tufayli Ukraina hali NATO talablariga javob bermaydi. Tashkilotning yangi a’zolarni qabul qilishda ittifoq nizomi bo‘lgan “NATOni kengaytirish bo‘yicha tadqiqotlar” deb nomlangan hujjatda, ittifoqqa qo‘shilishni istagan mamlakatlar bunday kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilishi kerakligi aytilgan. Ammo hujjatda aytilishicha, NATOga qo‘shilish uchun “doimiy yoki qat’iy mezonlar ro‘yxati” mavjud emas va yangi a’zolarni qabul qilish to‘g‘risidagi qarorlar individual tarzda qabul qilinadi.

Ukraina NATOga a’zo bo‘lish niyatini 2002-yilda ham bildirgan

2010-yilda Viktor Yanukovich prezidentligi davrida mamlakat betaraflik maqomini oldi, bu esa hech qanday harbiy-siyosiy ittifoqlarga qo‘shilmaslikni anglatadi. Ammo 2014-yilda Yanukovich hokimiyatdan ag‘darilib, Qrim Rossiyaga qo‘shilgandan so‘ng, Ukraina NATOga a’zo bo‘lish yo‘nalishini davom ettirdi. 2019-yilda Ukraina konstitutsiyasi mamlakatning “Yevropa va Yevroatlantik yo‘nalishlarning qaytarilmasligini” belgilab berdi. Endi Ukraina rasmiylari 2030-yilgacha NATOga a‘zo bo‘lishni kutmoqda.

Mart oyining oxirida butun dunyo Donbassdagi vaziyatning jiddiylashayotgani haqida gapira boshladi

Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi Rossiya qo‘shinlarining Rossiya—Ukraina chegarasi hududida to‘planishini 2014—2015-yillardan beri eng keskin ko‘rsatkich deb atadi.  Kiyev o‘z chegaralari yaqinida rus qo‘shinlari to‘planganini tasdiqladi va uni “o‘z kuchini ko‘z-ko‘z qilish” deb atadi. AQSh Rossiyadan mazkur “provokatsiyalar”ga izoh berishni talab qildi, shuningdek, AQSh prezidenti Jo Bayden lavozimiga kelganidan beri birinchi marta Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi. Kremlning ta’kidlashicha, Rossiya o‘z hududida o‘z qo‘shinlarini harakatga keltirmoqda va “bu hech kimni bezovta qilmasligi kerak, qo‘shin hech kimga tahdid solmaydi”.