Buyuk Britaniya Myanma hukumatidan mamlakatning Londondagi elchisi Chjo Zo Minning faoliyatini tugatish to‘g‘risida rasmiy xabar oldi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga asoslanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: tj.sputniknews

“O‘tgan oqshom Myanma hukumati bilan bog‘langanimizda tegishli diplomatik kanallar orqali elchining chaqirib olinishi to‘g‘risida rasmiy xabar olishimiz ma’lum bo‘ldi. Xabarni oldik, shuning uchun biz Myanma hukumatining Chjo Zo Minga nisbatan qarorini hisobga olishimiz kerak”, — dedi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili.

O‘tgan oy Chjo Zo Min hibsga olingan Myanma prezidenti Vin Myin va davlat maslahatchisi Aun San Su Chjining ozod qilinishini talab qiluvchi bayonot bilan chiqqan edi. Bunga javoban Myanma harbiylari uni lavozimidan chetlashtirdi.

8-aprel kuni Chjo Zo Min mamlakatning Londondagi elchixonasi hududiga kiritilmaganini aytdi. Mayferdagi elchixona oldiga ellikka yaqin kishi yig‘ilib, diplomatni qo‘llab-quvvatladi.

Eslatib o‘tamiz, 1-fevral kuni Myanma harbiylari davlat to‘ntarishini amalga oshirgan, hukumatning amaldagi rahbarlari hibsga olingan edi. Harbiylar Myanma davlat maslahatchisi Aun San Su Chjini 11 kilogramm oltin va 600 ming dollar pulni pora sifatida olganlikda ayblamoqda. Davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatning yirik shaharlarida norozilik namoyishlari boshlangan.

Myanma aholisi 6-fevral kuni Yangon ko‘chalariga chiqib, harbiylar tomonidan hokimiyat egallab olinishiga qarshi chiqqan. Odamlar harbiylarga qarshi ekanini bildirmoqda, shuningdek, ular hibsga olingan yuqori martabali amaldorlarni, jumladan, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va prezident Vin Myinni ozod etishni talab qilmoqda.

Mart oyining boshida ham Myanmadagi politsiya hamda ko‘chalarda namoyish o‘tkazayotgan fuqarolar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda huquq-tartibot idoralari xodimlarining o‘qotar quroldan foydalanishi oqibatida 38 kishining halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Mart oyining oxirida Myanmada hukumatni boshqarayotgan harbiylar mamlakatda saylovlar qaytadan o‘tkazilganidan keyin boshqaruvni yangi saylangan vakillarga topshirishni va’da qildi.

Avvalroq Myanmada harbiylar 2 oy ichida 40 dan ortiq bolani o‘ldirgani, eng kichik qurbon 6 yoshda bo‘lgani haqida xabar berilgandi.