Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining chorak final bosqida 7-aprel, chorshanba kuni “Bavariya” o‘z maydonida PSJni qabul qiladi. O‘tgan mavsumdagi finalchilar bu safar 1/4 final bosqichidayoq o‘zaro to‘qnash keladi. Bitta o‘yindan iborat bo‘lgan (final) bellashuvda “nemis mashinasi” PSJning yulduzlarini jamoaviy o‘yin va to‘g‘ri taktika evaziga taslim etgandi. Oradan salkam bir yil vaqt o‘tdi, ammo “Bavariya” kuchaysa kuchaydiki, aslo zaiflashgani yo‘q. Xuddi shunday holat PSJda ham kuzatildi deyish mumkin. Parij klubi, garchi ichki chempionatda peshqadam “Lill”dan ortda qolayotgan bo‘lsa-da, jamoada ijobiy muhit hukm surmoqda. Yangi murabbiy — Maurisio Pochettino yulduzlar bilan tezda til topishib ketdi. Shunday ekan, bugungi bahsda jamoalardan hujumkor va yorqin o‘yinni kutish o‘rinli. Quyida ushbu bahs atrofidagi voqealarga batafsil to‘xtalib o‘tiladi.

Musobaqa yo‘li

“Bavariya” “Atletiko”, “Lokomotiv” va “Zalsburg” bilan bir guruhdan joy olgandi. Jamoa ortiqcha qiyinchiliklarsiz guruh bosqichidan o‘tib oldi (bor-yo‘g‘i 1 ta durang, qolgan 5 ta uchrashuvda esa g‘alaba). 1/8 finalda Myunxen klubi Italiyaning “Latsio”sidan ustun keldi. Umuman olganda Hans Flik jamoasi ushbu bosqichga qadar jiddiy bir to‘siqqa duch kelgani yo‘q.

PSJ esa qiyin guruhdan joy olgandi. Jamoa “Manchester Yunayted”, “Leypsig” va “Istanbul” bilan kurash olib bordi. Parijliklar ikki marta mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishiga qaramay, guruhda birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. 1/8 finalda Maurisio Pochettino jamoasi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “Barselona”dan ustun keldi.

Asosiy voqeliklar

“Bavariya”

Foto: Twitter

1. Robert Levandovski “Bavariya”ga yordam bera olmaydi. FIFA kunlarida o‘tkazilgan JCh—2022 saralashi o‘yinlari sabab Flik katta muammoga duch keldi. Levandovski bir oy muddatga safdan chiqdi. So‘nggi bir necha mavsumdan beri Myunxen klubi forvardni bunchalik katta muddatga yo‘qotmagan edi. Ushbu vaziyatda uning o‘rnini kim egallaydi degan savol kun tartibiga chiqishi tabiiy. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, uning o‘rnini bosish oson kechmaydi, boisi polshalik ketma-ket bir necha mavsum davomida dahshatli o‘yin ko‘rsatib kelmoqda.

O‘tgan dam olish kunlarida “Bavariya” “Leypsig”ga qarshi o‘yin o‘tkazdi, hujum chizig‘ida parijliklarga tanish bo‘lgan Erik Shupo-Moting o‘ynadi. Jamoa o‘yinda g‘alaba qozondi, ammo oldinga chiziqda hayron qolarli nimadir ko‘zga tashlanmadi. Ikkinchi variant Serj Gnabri bo‘lishi mumkin edi, ammo 6-aprel kuni unda koronavirus aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, kerakli vaqtda kerakli joyda bo‘lishni biladigan Leon Goretskani ham unutmaslik kerak. Aynan u “Leypsig”ga qarshi o‘yinda g‘alaba golini urdi. Flik Tomas Myullerni oldinroq siljitishi mumkinligini ham istisno qilmaslik lozim. Hans Flik qaysi variantni tanlasa ham, Levandovskining yo‘qligini bilintirmaslik juda qiyin kechadi.

Foto: FootBoom

2. Chap qanot himoyasida kim maydonga tushadi? “Bavariya” bosh murabbiyi hujum masalasi bilan bir qatorda himoya haqida ham bosh qotirishi kerak bo‘ladi. Faqat bu safar u yoqimli “bosh og‘riq”qa duch keldi. Flik fransiyalik Lyuka Ernandes va yosh kanadalik iqtidor egasi Alfonso Devisdan birini tanlashi kerak bo‘ladi.

Jarohatlari sabab Myunxen klubining asosiy tarkibiga kira olmayotgan fransuz ushbu mavsumda Devisning jarohatidan foydalanib, murabbiyga maydonda nimalarga qodir ekanini isbotladi. Ernandes Bundesliganing joriy mavsumida 18 o‘yinda qatnashib, shundan 13 tasida asosiy tarkibda maydonga tushdi, yana beshta bahsda esa u zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Chempionlar Ligasida bu ko‘rsatkich 8 ta o‘yinga teng (beshta asosiy, uchta zaxira). Fransiyalik futbolchi tabiiyki ko‘proq o‘ynashni xohlaydi, ammo tezkor va mehnatsevar Devisni raqobatda yengib chiqish unchalik ham oson ish emas. Shunday ekan, agar Devis sog‘lom bo‘lsa, uning boshlang‘ich tarkibdan joy olish ehtimoli ancha yuqori.

PSJ

1. PSJ Myunxenga besh nafar asosiy o‘yinchisiz keldi. PSJ bu mavsumda jarohatlar va koronavirusdan juda ko‘p aziyat chekmoqda. Maurisio Pochettino jamoaga kelganidan beri hali to‘liq tarkib bilan o‘yin o‘tkazgani yo‘q. Ehtimol, kuchli beshlik chempionatlaridagi birorta jamoada parijliklar bu kabi doimiy muammolar mavjud emas.

Foto: Twitter / @BRFootball

“Bavariya” bilan o‘yinda PSJga birdaniga beshta o‘yinchi yordam bera olmaydi. Parijliklar uchun eng katta yo‘qotish – Marko Verrattining o‘yinni o‘tkazib yuborishi bo‘ladi. Pochettino italiyalikdan “o‘ninchi raqam” rolida foydalanardi, uning yo‘qligi murabbiyni taktik o‘zgarishlarni amalga oshirishga majbur qilishi aniq. Aynan Verratti Parij klubining pozitsion hujumlarida “miya” vazifasini bajarib berardi. Maydon markazidagi ikkinchi jiddiy yo‘qotish Leandro Paredes bo‘ldi, unda sariq kartochkalar soni ko‘payib ketgan. Himoyada ham jamoada o‘ziga xos muammolar bor. Alessandro Florensi milliy terma jamoadagi o‘yinlardan so‘ng koronavirusga chalindi, Leven Kyurzava esa jarohat olgan. Tarkibda ikkalasining o‘rnini bosuvchi o‘yinchilar bor, ammo bularni teng kuchli almashtirishlar deb atab bo‘lmaydi. Ikkala futbolchi ham jamoaning hujumlarida ishtirok etib, raqib himoyachilariga yetarli darajada muammolar tug‘dirardi. Shuningdek, Mauro Ikardi ham jarohati tufayli mazkur o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Foto: PSJ

2. PSJning ruhiy holati muhim rol o‘ynashi mumkin. Neymar jarohatidan forig‘ bo‘lib, qaytdi. Ammo qaytganidan keyingi o‘yinlar ham Neymar, ham jamoa uchun omadsiz kechdi. Hatto qizil kartochka ishlab olishga ham ulgurdi va yana bir bor tanqidlar “yomg‘iri” ostida qoldi. Istalgan natijaga erishish uchun Pochettino kerakli so‘zlarni topishi va Neymarning xudbinligini jilovlashi kerak bo‘ladi. Pochettino bilan alohida ishlashi kerak bo‘lgan ikkinchi shaxs, bu Tilo Kererdir. Aynan u Florensining yo‘qligini bilintirmasligi lozim. Kerer “Lill”ga qarshi o‘yinni to‘laligicha muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi, hujumlarning aksariyati ham aynan uning qanotidan (o‘ng) uyushtirildi.

Parijdan ketishdan oldin Tomas Tuxel jamoa bosh murabbiyi nafaqat o‘zining bevosita vazifasini bajarishi, balki siyosatchi va ruhshunos ham bo‘lishi kerakligini aytgandi. O‘z jamoasini bir maqsad yo‘lida yo‘naltirish — Pochettinoning asosiy vazifalaridan biriga aylanadi. Aynan ushbu uchrashuv uning yulduzli kiyinish xonasini qay darajada boshqara olayotganini ko‘rsatib beradi.

Jamoalarning so‘nggi 10 ta o‘yindagi statistikasi:

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Taxminiy tarkiblar:

“Bavariya”: Manuel Noyer, Alfonso Devis, David Alaba, Niklas Zyule, Benjamen Pavar, Leon Goretska, Yozua Kimmix, Leroy Sane, Tomas Myuller, Kingsli Koman, Erik Shupo-Moting.

PSJ: Keylor Navas, Abdu Diallo, Presnel Kimpembe, Markinyos, Kil Kerer, Idrissa Keye, Danilu Pereyra, Anxel di Mariya, Neymar, Kilian Mbappe.

Foto: “Bavariya”

PSJ kuchli himoyaga ega va, albatta, oldingi chiziqda ajoyib o‘yinchilari bor. Biz ularga to‘pning yetkazib berilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Bundan tashqari to‘g‘ri pressing qo‘llashimiz zarur. Avvalgi finalda Manuel Noyer ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. PSJ hujumchilari bu haqida o‘ylayaptimi yo yo‘q buni bilmayman. Ammo darvozada jahon darajasidagi posbon borligi bizning ustunligimizdir.

Hans Flik, “Bavariya” bosh murabbiyi

Foto: Twitter

Biz Yevropa va Jahon chempionlari bilan o‘ynaymiz. Ularni hurmat qilamiz, lekin o‘z imkoniyatlarimizga ham ishonamiz. Biz bu erga g‘alaba qozonish uchun keldik. Neymar va Mbappe haqida ko‘p gapiriladi, ammo ishonamanki, tarkibga kiritilgan barcha 11 futbolchi g‘alabamiz uchun zarur bo‘lgan ishni qiladi.

Maurisio Pochettino, PSJ bosh murabbiyi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!