Shimoliy Koreya 2021-yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmaydi. Bu haqda Yonhap va Nknews nashrlariga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Twitter

“Qo‘mita a’zolarining sportchilarimizni xavfli yuqumli kasalliklar sababli yuzaga kelgan global favqulodda vaziyatlardan himoya qilish masalasidagi taklifidan so‘ng, Shimoliy Koreya Olimpiya qo‘mitasi muhokamalar o‘tkazdi va XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashmaslikka qaror qildi”, — deyiladi Nknews nashri taqdim etgan Shimoliy Koreya hukumatining xabarida.

Nashrning yozishicha, Pxenyanning Olimpiadada qatnashmaslik qarori shuni anglatadiki, 2018-yilning boshida Pxyonchxan qishki Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi endi Seulda KXDR bilan muzokaralarni faollashtirish uchun sport musobaqalaridan foydalanish imkoniyati bo‘lmaydi.

Tokio Olimpiadasi 2020-yilning 24-iyulidan 9-avgustigacha o‘tkazilishi kerak edi, lekin koronavirus pandemiyasi sababli o‘yinlar bir yilga kechiktirildi. Musobaqa tashkilotchilari Olimpiya o‘yinlarini tomoshabinlarsiz o‘tkazishga qaror qildi. Tokio bu qarorning pandemiya sharoitida musobaqalar xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Paralimpiya o‘yinlari esa 24-avgustdan 5-sentabrgacha bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq Yaponiya kompaniyalarining 56 foizi 2021-yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga qarshi chiqqani haqida xabar berilgan edi. Ta’kidlanishicha, 2020-yil avgust oyidagi so‘rov natijalariga nisbatan norozilar soni 3 foizga ko‘paygan.