Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Germaniyaning Kyoln biznes universiteti professori Odiljon Abdurazzaqov Namanganda nodavlat oliy ta’lim muassasasi — Xalqaro biznes va texnologiya universitetini tashkil etmoqchi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Odiljon Abdurazzaqov 1979-yili Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. AQShning Kolorado davlat universitetida biznes boshqaruvi ixtisosligi bo‘yicha bakalavr va magistr darajasini olgan. Doktorlik ilmiy tadqiqotini Garvard universitetida olib borgan. Germaniyaning Kyoln biznes universiteti, Gollandiyaning Mastrixt universiteti, Ozarbayjon diplomatiya akademiyasi va Xalqaro Vestminster universitetida ishlagan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligida faoliyat olib borgan. 2017-yilda “Innovatsion faoliyatlarni rivojlantirishda texnologiya transferining roli” mavzusidagi nomzodlik ilmiy ishini himoya qilgan.

Hozirda Germaniyaning Kyoln biznes universitetida professor sifatida talabalarga dars berib kelmoqda.

“O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovini 2030-yilgacha 60 foizgacha chiqarish vazifasi qo‘yilgan. Shu reja amalga oshishi uchun ko‘maklashish maqsadida o‘zim tug‘ilib, o‘sgan Namangan viloyatida nodavlat oliy ta’lim muassasasi — Xalqaro biznes va texnologiya universitetini tashkil etmoqchiman. Jamoa asosini AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyadagi nufuzli universitetlarda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik olim, professorlar tashkil etadi. Ular shu loyiha amalga oshgudek bo‘lsa, mamlakatga qaytib, dunyo standartlariga muvofiq oliy ta’limni berishga tayyor. Universitetimizdagi asosiy ixtisosliklar sifatida texnologiya, IT-dasturlash va pedagogika yo‘nalishlarini tanlab olganmiz. Qo‘shimchasiga, raqamli marketing, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida menejment kabi biz uchun yangilik bo‘lgan sohalarni ham kiritmoqchimiz”, — deydi qahramonimiz.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Odiljon Abdurazzaqovga ko‘ra, universitetda darslar o‘zbek va ingliz tillarida o‘tiladi. Ta’lim borasida esa innovatsion usul qo‘llanadi — kunduzgi, kechki va sirtqi o‘qishdan tashqari, masofadan turib ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Shu orqali nafaqat Namangan, balki boshqa viloyatlar va hatto xorijdagi talabalarni ham qamrab olish, shuningdek, o‘qish xarajatlarini keskin kamaytirish mumkin. Bu hozirgi pandemiya sharoitida, ayniqsa, qo‘l keladi. Uning o‘zi ham Germaniyadagi talabalariga ayni paytda onlayn usulda saboq berib kelmoqda.

“Bugungi kunda ushbu rejani amalga oshirish uchun xorijiy investor jalb etganmiz. Kadrlar jamoasi shakllangan. Yangi universitet uchun bino masalasida viloyat hokimligiga murojaat qilganmiz. Barcha masalalar hal etilgudek bo‘lsa, 2021—2022-o‘quv yilidan faoliyatimizni boshlamoqchimiz. Universitetning asosiy kampusi Namanganda bo‘ladi, keyinchalik Toshkent shahrida filiali ochiladi. Maqsadimiz — 2030-yilga kelib dunyoning eng kuchli universitetlari 700 taligi, 2050-yilda esa 500 taligidan o‘rin olish”, — deydi Odiljon Abdurazzaqov.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Ma’lumot uchun, bugungi kunda viloyatda uchta oliy o‘quv yurti —Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya va Namangan muhandislik-qurilish institutlari faoliyat olib bormoqda. Ularda jami 33 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Viloyatdagi umumta’lim maktablarini joriy yilda 36,5 ming o‘quvchi bitirishi kutilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Eldor Shomurodov Turin klubidan jiddiy taklif kutayotgani ma’lum bo‘ldi
Mahalliy
O‘zbekistonda 3-dekabr kuni ob-havo yog‘ingarchiliksiz, lekin tumanli bo‘lishi kutilmoqda
Mahalliy
Toshkent tumanining Qozog‘iston bilan chegaradosh hududlaridagi xonadonlar buzilib, chegarani mustahkamlash obyektlari quriladi