Ayni paytda Bukingem saroyi yana bir sharmandagarchilikni boshdan o‘tkazmoqda. Shahzoda Garrining rafiqasi Megan Markl Opra Uinfriga bergan intervyusida qirollik oilasining ayrim a’zolari uning birinchi farzandi tug‘ilmasdan avval bolaning tanasi rangidan tashvishlangani va Megan ruhiy tushkunlikka tushgan paytda mutaxassislarga murojaat qilishiga yo‘l qo‘ymaganini aytdi (go‘yoki bu qirrollik obro‘siga putur yetkazadi). 2020-yilda qirollik unvonlari va majburiyatlaridan omma oldida voz kechib, Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan mazkur juftlik intervyu mobaynida bir qator e’tiborga molik bayonot va boshqa masalalar qatorida Britaniya monarxiyasining parda ortidagi hayotidan ba’zi sirlarni ochib berdi: kolumnistlarning turfa fikrlariga ko‘ra, Megan va Garri qirollik oilasi imidjiga qattiq zarba berdi va bundan qirolicha endi qutulmaydi. Hatto shahzoda Uilyam ham o‘zining ideal oilasi bilan buvisining obro‘sini saqlab qololmaydi. Aslini olganda, qirollik oilasi atrofida muntazam ravishda  gap-so‘zlar urchib turadi, ammo bu qirolichaning reytingiga hech qanday ta’sir qilmaydi. Meduzaning iltimosiga binoan, Britaniya siyosati haqidagi Theresa May’s Wheat Fields Telegram kanali muallifi Regina Kashapova qirollik matbuot xizmati va Britaniya OAV o‘rtasidagi munosabatlar qanday kechishini tushuntirib berdi. Ta’kidlash joizki, OAV bilan mohirona ishlash o‘nlab yillar davomida qirollik oilasini tuzatib bo‘lmasdek tuyiladigan har qanday PR falokatidan “xalos bo‘lishga” yordam berib kelmoqda.

Foto: Getty Images

Qirollik matbuot idorasining vazifasi nima?

Qirollik matbuot kotibi qanchadan-qancha mojarolar, kutilmagan yangiliklar va sirlarning fosh etilishiga oid muammolar bilan shug‘ullanishi kerakligini tushunish uchun Yelizaveta II’ning eng taniqli yordamchilaridan biri Maykl Shining tarjimayi holiga nazar tashlashning o‘zi kifoya. Shi bu lavozimda o‘n yildan kam vaqt ishlagan bo‘lsa-da, karyerasining deyarli har yilida OAV qirollik oilasiga oid biror yirik shov-shuv ko‘targan. 1979-yilda qirol oilasining badiiy kuratori ser Entoni Blant ayg‘oqchi bo‘lib chiqqandi, uning sovet razvedkasi bilan hamkorlik qilgani oshkor bo‘lgan. 1982-yilda bezori Maykl Feygan qirolichaning yotoqxonasiga yashirincha bostirib kirgan, o‘shanda yordam kelguniga qadar Yelizavetaning bir o‘zi uni chalg‘itib turishga majbur bo‘lgan.

Sobiq diplomat Maykl Shi o‘zidan avvalgi qirollik matbuot kotibi, kamgap harbiy Richard Kolvilldan farqli o‘laroq, ko‘rkam va kirishimli odam edi, shuning uchun u jurnalistlar bilan tezda til topishib ketardi. Uning sa’y-harakatlari tufayli ko‘plab yirik janjallar hech qachon milliy gazetalarning muqovasiga olib chiqilmagan, boshqalari esa uning mijozlari obro‘siga jiddiy zarar yetkazmasdan unut bo‘lib ketgan. Ammo shahzoda Charlz va ledi Diana Spenserning unashtiruvi paytida u hatto, OAVga qarshi qat’iy hujum boshlashga majbur bo‘lgan. O‘shanda paparatsilar yosh er-xotinning har bir qadamini kuzatishga tushib, shu tariqa aslida qirollik qarorgohlarini qamal ostiga olgandi, bu esa qirolichaning g‘azabiga sabab bo‘lgan.

1981-yil noyabrda qirollik matbuot kotibi Yelizaveta II va Britaniya gazetalari bosh muharrirlari o‘rtasida uchrashuv tashkil qildi. Qirolicha ulardan Charlz va Dianani tinch qo‘yishni talab qildi, ammo bundan naf bo‘lmadi — bir necha oy o‘tgach, homilador Diananing surati tushirilgan bir bikin chiqarildi. Shundan so‘ng Yelizaveta II o‘zining matbuot kotibi Maykl Shi orqali jurnalistlarga xabar yubordi (xabar odatda, kamgap va mulohazali qirolichaga xos bo‘lmagan juda qo‘pol so‘zlardan iborat bo‘lgan): “Bu qanchalik didsiz ekaningizdan dalolat beradi”, — degan jumla ham bor edi xabarda. Qonunbuzar — The Sun va The Daily Star gazetalari ko‘plab sahifalari orqali uzr so‘rash bilan qutulgan.

Maykl Shi mojarodan keyin o‘z lavozimidan iste’foga chiqdi (ammo asl sabab bu emasdi). Matbuotda bosh vazir Margaret Tetcher va qirolicha orasidagi siyosiy kelishmovchiliklarga Shining o‘zi sababchi deya taxmin qilingan mish-mishlar tarqaldi. 1987-yilda ishdan bo‘shatilganidan so‘ng Shi o‘zining OAV bilan ishlashda orttirgan tajribasini bir qator siyosiy trillerlar, shuningdek, PR va siyosiy texnologiyalar uchun qo‘llanmaga aylantirdi.

Keyingi va o‘sha paytda tuzatib bo‘lmasdek tuyilgan PR inqirozi eng og‘ir damlarda — 1990-yildan 1997-yilgacha qirolicha bilan birga ishlagan navbatdagi matbuot kotibi Charlz Anson tomonidan hal qilinishi kerak bo‘lgan. O‘shanda dunyo shahzoda Charlz, malika Diana va Kamilla Parker Boulzning sevgi uchburchagi ortidan tushgan edi. Anson ushbu lavozimdan ancha oldin nafaqaga chiqqaniga qaramay, intervyu tufayli qirollik oilasida kelib chiqqan yangi janjalda qirolichaga birinchilardan bo‘lib yordamga keldi va BBC’ga bergan intervyusida qirollikda irqchilar yo‘qligini va Megan har doim iliqlik va samimiylik bilan qabul qilinganini aytdi.

Amaldagi matbuot xizmati ham vaziyatni yumshatishga urindi: Bukingem saroyining rasmiy xabarida aytilishicha, qirollik oilasi er-xotinning mashaqqatli hayoti haqidagi voqeadan qayg‘uda, irqchilik haqidagi bayonotlardan tashvishga tushgan va eng muhimi ular Garri, Megan va kichkintoy Archini yaxshi ko‘rishda davom etmoqda. Tanqidchilarning fikriga ko‘ra, intervyuga o‘z javobini o‘ylash uchun bir kundan ko‘proq vaqt ketgan bo‘lsa ham, qirolicha so‘nggi so‘zni ichida saqlab qoldi va mojaroning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymadi.

Britaniya OAV nimaga erishmoqchi?

Garri va Megan Opraga bergan intervyusida saroy va OAV o‘rtasida o‘ziga xos simbiotik munosabatlar mavjudligini aytdi. Tomonlar o‘rtasida yozilmagan shartnoma mavjud: monarxlar qirollik to‘ylari, dafn marosimlari va boshqa maxsus tadbirlarda fotosuratchilar uchun akkreditatsiyalar va daromadli joylarni taqdim etish orqali jurnalistlarga qirollik hayotini kuzatish imkoniyatini beradi, gazetalar esa bunga minnatdorchilik sifatida ularni jamoatchilikka eng yorqin ranglarda namoyish etishga harakat qiladi.

Biroq gazetalarning omma e’tiborini tortish maqsadida ushbu yozilmagan qoidalarni buzish xavfi har doim mavjud bo‘lgan. Bunga misol sifatida mashhur mediamagnat Rupert Merdok boshchiligidagi Buyuk Britaniyaning yetakchi gazetasi — News of the World keltirib chiqargan shov-shuvni eslash kifoya. Jurnalistlar taniqli kishilarni: siyosatchilar, sportchilar, shou-biznes yulduzlari va hatto qirollik oilasi a’zolarinining telefon suhbatlarini noqonuniy yozib olishda ayblangan edi. Katta janjaldan so‘ng News of the World 2011-yilda butunlay yopilgan.

The Guardian kolumnisti va media tanqidchisi Nik Devis o‘zining “Yassi dunyo yangiliklari” (Flat Earth News) kitobida Britaniya OAV kishi imijini osongina yaratishi yoki aksincha, yo‘q qilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Megan bilan ham taxminan shunday bo‘lgan. Er-xotin birgalikda omma oldida birinchi marta paydo bo‘lgan payt ingliz matbuoti dastlab o‘z bayonotlarida ehtiyotkorlikni ilgari surdi. Biroq Sasseks gersoginiyasi qirollik qoidalarini buzishi bilanoq, gazetalar muqovasida “Megan Uilyam va Garrining orasini buzdi”, “Megan Kembrij gersoginyasining ko‘z yoshlarini to‘kdi”, “Megan otasi va singlisi bilan muloqot qilishdan qochadi” kabi mazmundagi sarlavha ostida maqolalar paydo bo‘la boshladi. OAV Meganni salbiy tomondan tasvirlab, jamoatni mag‘rur amerikalikka qarshi qo‘ydi va aksincha, Kembrij gersoginyasi bo‘lgan britaniyalik Ketrinni kamtarligi, mehmondo‘stligi va nekbinligi uchun maqtadi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Garri va Megan ommaviy ravishda rasman Daily Mail, Daily Mirror, Daily Express va The Sun gazetalari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan edi. Bu bilan ular bevosita saroy va OAV o‘rtasidagi yozilmagan shartnomani buzadigan radikal qadamni tashlagan. Opra bilan intervyu chiqarilgandan so‘ng gazetalar bu juftlikka zarracha hamdardlik ko‘rsatmasdan Bukingem saroyidagilarning tarafini olish bilan javob qaytardi. Daily Express muqovasida qirolichaning oila va burch haqida so‘zlagan nutqini chop etdi, Daily Mirror nashrida shahzoda Charlz va shahzoda Uilyamning intervyudan qanchalik xafa bo‘lgani ta’kidlandi.

Shu tariqa ommaviy axborot vositalarining sadoqati yana bir bor qirolicha foydasiga ishladi. YouGov jamiyatshunoslik kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, britaniyaliklarning 47 foizi suhbatni noo‘rin deb topgan, respondentlarning 21 foizi esa bunga aksincha o‘z fikrini bildirgan va yana 31 foizi intervyu to‘g‘risida qaror qabul qila olmagan. So‘rovda qatnashganlarning 36 foizi qirollik oilasiga hamdardlik bildirgan.

“Kun tartibi bilan ishlash” har doim ham kutilgan natijani bermaydi

Garri va Meganning intervyusi efirga uzatilishidan sal oldin The Times gazetasi kutilmaganda Sasseks gersoginyasi o‘z yordamchilariga yomon munosabatda bo‘lgani haqida maqola chop etdi. Unda aytilishicha, 2018-yilda Kensington saroyining o‘sha paytdagi kotibi Jeyson Knauf Meganni ikki saroy xodimiga tazyiq o‘tkazishda ayblagan. Nashrning yozishicha, shahzoda Garri Knauf bilan uchrashgan va undan bu voqeani ommaga oshkor qilmaslikni so‘ragan. Ammo er-xotinning shaxsiy vakili hech qanday uchrashuv bo‘lmaganini ta’kidlamoqda. Bukingem saroyi ayblovlarni jiddiy qabul qilishga va ular yuzasidan tergov boshlashga va’da berdi.

Buni OAV fitnalari deb atash mumkin emas, chunki yarim rasmiy The Times nashri fitnalarga qo‘l urmaydi. U holda nega hurmatga sazovor nashr bunday shubhali hikoyani chop etdi? Ba’zilar buni Bukingem saroyi tomonidan uyushtirilgan diqqatni jalb qiluvchi manyovr deb hisoblamoqda. Unga ko‘ra, ushbu hikoya yordamida qirollik oilasining PR xizmati jamoatchilik e’tiborini amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn bilan bo‘lgan mojaroga aloqador shahzoda Endryu ishidan chalg‘itishga harakat qilgan. Epshteyn voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb qilganlikda ayblanib, 2019-yilda Nyu-Yorkdagi qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan edi.

O‘shanda qirolicha Yelizaveta II’ning o‘g‘li Endryu o‘zini oqlamoqchi bo‘lgandi. U BBC’ga intervyu berib, unda Epshteyndan jabr ko‘rganlardan birining ko‘rsatmalariga qarshi chiqqan. Endryuning so‘zlariga ko‘ra, u do‘stining noqonuniy faoliyati to‘g‘risida bilmagan va o‘zi hech qachon voyaga yetmagan qizni zo‘rlamagan. Intervyu javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarni paydo qildi va shundan keyin qirollik PR mutaxassislari York gersogini yashirishga qaror qildi. U qirollik vakolatlaridan iste’foga chiqib, rasmiy tadbirlarda ko‘rinishni to‘xtatdi. Shunga qaramay, har safar Epshteynning ishi haqidagi boshqa yangiliklar nashr etilganida, ijtimoiy tarmoqlarda munozaralar paydo bo‘lishda davom etdi. Biroq bu safar Sasseks gersoginyasi orqali jamoatchilik e’tiborini chalg‘itishning iloji bo‘lmadi. Shahzoda Endryu yana esga olindi va qirollik oilasi ikki tomonlama standartlarda ayblandi.

“Toj har doim g‘alaba qozonishi kerak”

Opra Uinfriga bergan intervyu chiqarilishidan biroz oldin Garri o‘zining The Late Late Show dasturida teleboshlovchi (va yaqin do‘sti) Jeyms Korden bilan uchrashdi. Suhbat ancha norasmiy sharoitda bo‘lib o‘tdi; mezbon va mehmon bemalol suhbatlashdi, ikki qavatli avtobusga chiqdi va choy ichdi. O‘sha paytda Garri unga o‘zi haqidagi yangiliklarni o‘qishdan ko‘ra, “Toj” (The Crown) teleserialini tomosha qilish osonroq ekanini aytdi: serialning ijobiy tomoni shundaki, u haqiqiylikni mutlaqo da’vo qilmaydi, ammo gazetalardagi “hikoyalar”ga ham umuman o‘xshamaydi.

Aslida ham shunday: agar serialda haqiqiy voqealar bo‘rttirilgan bo‘lsa, bu ehtimol, qirollik oilasining foydasiga. Bundan tashqari, serialning yaratuvchisi Piter Morgan Bukingem saroyida jamoat janjallarini aks ettiruvchi sahnani faqat bitta ibora bilan aniq yetkaza olgan: “Toj har doim g‘alaba qozonishi kerak” — bu bir vaqtlar qirolicha Mariya o‘g‘li qirol Jorj VI’ni yo‘qotganidan keyin bevosita hukmron qirolichaga aylangan nevarasi Yelizavetaga bergan asosiy ko‘rsatmasi edi.

Qirollik oilasining bosh vazifasi jamoatchilikning ko‘ziga tashlanmaslik va monarxiya institutiga bo‘lgan hurmatni buzmaslikdir. Hozircha bunga muvaffaqiyatli tazda erishib kelinmoqda: Daily Express gazetasi tomonidan 2020-yil may oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, britaniyaliklarning 60 foizi qirolicha Yelizavetani millatning davomiyligi va birdamligi ramzi deb hisoblaydi. Megan va Garri bilan bo‘lgan mojaro Buyuk Britaniyaga qanday ta’sir qilishini kelajakdagi so‘rovnomalar ko‘rsatishi mumkin, ammo hozirga qadar eng ko‘p o‘qiladigan va nufuzli ingliz gazetalari hamda Bukingem saroyi matbuot xizmati butunlay qirollik oilasining tarafida.