Qozog‘istonning SCAT aviakompaniyasi Aqtau—Urganch—Aqtau yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlashi haqida xabar qilingandi. Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligining Fuqarolik aviatsiyasi qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu parvozlar 2021-yil 8-martdan boshlab amalga oshiriladi.

Foto: “Inbusiness.kz”

Ta’kidlanishicha, aviaqatnovlar haftasiga ikki marta — dushanba va chorshanba kunlari B-737 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, SCAT — 1997-yilda tashkil etilgan xususiy aviakompaniya bo‘lib, bugungi kunda ushbu aviakompaniya parkida G‘arbda ishlab chiqarilgan 60 dan ortiq samolyotlar mavjud. Aviakompaniya tomonidan 80 dan ortiq mahalliy va xalqaro havo yo‘llari ekspluatatsiya qilinmoqda.

Bundan avval Uzbekistan Airways Urganch va Farg‘onadan Istanbulga, mart oyidan boshlab Hindistonga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi hamda 28-martdan boshlab Samarqanddan yangi mahalliy yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.