Toshkent viloyati Zangiota tumani “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi sobiq bosh hisobchisi katta miqdorda pul mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat prokuraturasi.
Qayd etilishicha, Zangiota tumani “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi sobiq bosh hisobchisi A.U. o‘zining ta’sischiligidagi oilaviy korxonasiga turmush o‘rtog‘ini rahbar etib tayinlab, “Yoshlar — kelajagimiz” tuman jamg‘armasi rahbari va “Xalq banki” Zangiota filiali mansabdor shaxslari bilan o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirgan.
Sobiq hisobchi 1 dona Isuzu, 1 dona Damas avtomashinasini olish uchun 320 million so‘m hamda 1 dona Damas va qolipli non pishirish pechkalarini sotib olish uchun 80 million so‘m, jami 400 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini olishga erishib, 11 nafar yoshni ish bilan ta’minlamasdan, kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, tuman “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi rahbari A.T. tanishlari nomiga oilaviy korxonalar tashkil qilib, ularning har biriga parrandachilik uchun 20 million so‘mdan kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, go‘yoki tovuqlar o‘lganligini ro‘kach qilib, kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan.
Bundan avval Marg‘ilonda 1,4 milliard so‘m miqdorida soliq to‘lovlarini to‘lamagan korxona rahbariga jinoyat ishi ochilgani, Namanganda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 155 million so‘mlik kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda Namanganda 25 nafar fuqaroga ajratilgan 669,4 million so‘mni tadbirkor va bank xodimlari talon-toroj qilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)