Marg‘ilon shahrida juda ko‘p miqdordagi soliqlarni to‘lamagan korxona rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Marg‘ilon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvida N.K. ismli shaxs o‘zi va boshqa fuqarolar nomiga jami 11 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarini tashkil etgan. U qisqa vaqt ichida 22,8 milliard so‘m tovar aylanmasini amalga oshirib, 1,4 milliard so‘m soliq to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan.
Shuningdek, aniqlanishicha, N.K. 10,3 milliard so‘mlik mahsulotlar sotuvidan tushgan naqd pullarni bankdagi hisob raqamiga topshirmagan, faoliyati davomida Malibu-2, Nexia-3 va Spark rusumli avtotransport vositalarini xarid qilib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 189-moddasi (savdo qoidalarini buzish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqanddagi korxona mansabdor shaxslari salkam 12,5 mlrd so‘mni talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgani, Andijonda 470 mln so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilgan bank xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Samarqand viloyatidagi qurilish-ta’mirlash ishlarida 7 mlrd so‘m talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.