Top Rank promouterlik kompaniyasi boks bo‘yicha super yengil vazn toifasi mutlaq chempionligi uchun kechadigan jang sanasini ma’lum qildi.
WBC va WBO yo‘nalishlari chempioni Xose Karlos Ramires (26-0, 17 KO) IBF va WBA kamarlari sohibi Josh Teylor (17-0, 13 KO) bilan to‘qnash keladi.
Yengilmas bokschilar o‘rtasidagi jang 2021-yilning 22-may kuni bo‘lib o‘tadi.
Jangning qayerda o‘tkazilishi va o‘sha kungi musobaqa kardidan yana kimlarning jangi o‘rin olishi haqidagi ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishi aytildi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, jangga Las-Vegas (AQSh) shahri mezbonlik qiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu vazn toifasida o‘zbekistonlik bokschilar Shahram G‘iyosov (10-0, 8 KO) va Shohjahon Ergashev (18-0, 16 KO) harakat qiladi.
WBA reytingida Shahram 6-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, Shohjahon 8-pog‘onada bormoqda. Ergashev shuningdek, IBF (4-o‘rin) va WBO (8) yo‘nalishlarida ham top-10 likdan joy olgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!