Angliya janubidagi Reding shahrida ekspertlar ko‘cha rassomi Benksiga tegishli deb hisoblayotgan graffiti paydo bo‘ldi. Sobiq qamoqxona devoriga chizilgan suratda choyshabdan tayyorlangan arqon yordamida tushib kelayotgan mahbus tasvirlangan. Arqonning bir uchi g‘isht devorning orqa tarafiga o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi uchi yozuv mashinkasiga bog‘langan, deb xabar beradi Glamour.
Ekspertlarning hisoblashicha, graffitida yozuvchi Oskar Uayld tasvirlangan. 1895-yildan 1897-yilga qadar u erkak kishi bilan sodir bo‘lgan “sevgi aloqalari” sabab Reding qamoqxonasida jazoni o‘tagan. Jazoni o‘tash vaqtida Uayld o‘zining mashhur “Reding qamoqxonasining balladasi” poemasini yozgan.
Reding qamoqxonasi binosi 2013-yildan buyon tashlandiq. 2019-yilda mamlakat hukumati uni sotuvga qo‘ygan edi, biroq bitim amalga oshmadi. O‘shanda shahar kengashi binoni san’at asariga aylantirish taklifi bilan chiqqan. Ekspertlarning taxminicha, Benksi o‘z graffiti bilan obyektni rekonstruksiya qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.
Hozircha rassomning o‘zi mazkur surat muallifligini tasdiqlamagan. Eslatib o‘tamiz, Benksining bundan oldingi ishi dekabr oyida Bristoldagi uy devorida paydo bo‘lgandi. Koronavirus pandemiyasiga bag‘ishlangan suratda aksa urayotgan kampir tasvirlangan edi.