Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Buyuk Britaniyaning Nottingem shahrida taniqli ko‘cha rassomi Benksining graffitisi buzib qo‘yildi. Suratda velosiped shinasini halqa sifatida o‘ynayotgan qizaloq tasvirlangan, shuningdek, ustunga mustahkamlangan bir g‘ildiragi yo‘q velosiped ham umumiy kompozitsiyaning bir qismi edi. Ammo velosiped o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda The Guardian xabar bergan.

Foto: “Bansky.co.uk”

Foto: “Bansky.co.uk”

Baykning yo‘qolganini boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi Treysi Jeyn birinchilardan bo‘lib 22-noyabr tongida payqagan. Ayol graffiti oldiga kelib rassomning yangi ijodiy ishiga baho berishni istagan.

“Hamma ushbu asar haqida gapirardi. Biroq bu yerga kelganimda xayolimdan faqat bir gap o‘tdi: “Ey, xudoyim velosiped yo‘qolib qolibdi”, — deya o‘qituvchi ayol so‘zlaridan iqtibos keltirgan The Guardian.

O‘qituvchi Treysi Jeynni Benksi graffitisi bilan juda ko‘p narsalar bog‘lab turadi, ayolning marhum eri velosipedlar ishlab chiqaruvchi Raleigh fabrikasida korxona 2002-yilda yopilguniga qadar ishlagan. Graffiti fabrikaga yaqin joyda chizilgan.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

“Kimningdir nafaqat Benksi ijodiga, balki Nottingemga nisbatan bunday hurmatsiz munosabatda bo‘lishi kishini xafa qiladi”, — qo‘shimcha qilgan ayol.

BBC’ning xabar berishicha, yo‘qolgan velosiped o‘rniga boshqasi olib kelingan va uning ham bir g‘ildiragi yo‘q. Original asardagi Arkanzas bayki o‘rnini Raleigh Outland fabrikasida (Treysi Jeynning eri ishlagan fabrika) ishlab chiqarilgan velosiped egallagan.

Shahar kengashi graffitini plastik panel bilan yopgan, ammo uni ikki marta bo‘yoq bilan buzilgan. Mahalliy aholi afsonaviy rassomning san’at asarini bunday buzilishidan har doim norozi bo‘ladi. Nottingem universiteti talabasi Meysi Garbin ishning jamiyat ruhiyatini ko‘tarish maqsadida chizilganini qayd etgan. Boshqa bir fuqaro Luiza Xarrison esa Benksining pandemiya sabab og‘ir ahvoldagi shahar aholisiga zo‘r sovg‘a hadya qilganini bildirgan.

Benksi — strit-art yo‘nalishida ishlovchi angliyalik rassom, siyosat faoli va san’at arbobi. Hech kim rassomning haqiqiy ismini bilmaydi: u o‘z shaxsini sir saqlaydi. San’atkorning muxlislari uning Bristolda tug‘ilgani, ismi Robert yoki Robin Benks yoxud Robin Ganningem, Robert del Naya yoki Jeymi Xyullet ekanini taxmin qiladi.

Yozda Benksi Shimoliy Afrikadan Yevropaga kelmoqchi bo‘lgan qochoqlar missiyasini moliyalashtirgan, ularga kema sotib olib bergan va uning nomini fransiyalik inqilobchi Luiza Mishel sharafiga nomlagandi.

Oktabrda Benksining “Menga Moneni ko‘rsat” kartinasi (Show Me The Monet) Sotheby’s auksionida 9,8 million dollarga sotilgan. Asarning narxi 3,9 milliondan 6,5 million dollargacha baholangandi. Taniqli rassom Klod Mone ruhiyatida chizilgan suratda ko‘prikcha, quduq, shuningdek, suvga oqqan yo‘l konusi, supermarket aravasi aks etgan.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda 2-dekabr kuni 156 kishida koronavirus aniqlandi
Mahalliy
Janubiy Koreya mamlakatda ishlash niyatidagi o‘zbekistonliklar uchun kvotalar sonini oshiradi
Dunyo
“Hind Chernobili” — Pxobaldagi texnogen halokat, Eron oliy rahbariga aylangan Homanaiy va Sovuq urushga yakun yasagan Yelsin—Bush. Kun xronologiyasida 3-dekabr