Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi chog‘ida holatini tanqid qilgan “Bunyodkor” mahallasida ikkita kichik sanoat zonasi (KSZ) tashkil etildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Birinchi kichik sanoat zonasi mahalla idorasi yaqinida joylashgan bo‘lib, 1 gektar maydonni egallagan. Bu yerda umumiy qiymati 17 milliard so‘mlik 5 ta loyiha amalga oshiriladi va 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ikkinchi kichik sanoat zonasiga 28-fevral kuni tamal toshi qo‘yildi. Mazkur KSZ hududi 10 gektardan iborat bo‘lib, bu yerga qurilish, metallni qayta ishlash, yog‘ochga ishlov berish, mebel va tekstil sanoatiga oid 50 ga yaqin loyiha joylashtiriladi.

Foto: “Daryo”

Ularning umumiy qiymati 131 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 117 milliard so‘mi yoki qariyb 90 foizi tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi.

Loyihalar ishga tushirilishi natijasida 2500 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: “Daryo”

— Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasida tekstil korxonasini ishga tushirib, 300 kishini ish bilan ta’minlagandik. Prezident Namanganga tashrif chog‘i korxonamizga kelib, mahsulotlarimiz bilan tanishgan, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. Endi “Bunyodkor”dagi yangi kichik sanoat zonasida ikkinchi korxonamizni ochmoqchimiz. Bu yerda maxsus kiyimlar va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Loyihaga 3 milliard so‘m sarmoya kiritmoqchimiz, — deydi Dreamliner textile MChJ direktori Anvar Rahimov.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “Bunyodkor” mahallasiga ko‘chib o‘tishi va bu yerda kichik sanoat zonasi tashkil etilishini ma’lum qilgandi.