“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — to‘rt yildan beri Turkiyada ishlayotgan 44 yoshli muhojir ayol.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Mohira. Vodiydanman. Inshaalloh, bu yil 44 yoshga to‘laman. Bir o‘g‘il va bir qizim bor. Bundan to‘rt yil oldin o‘g‘limni o‘qitish maqsadida Turkiyaga kelganman. Hozir bir musulmon oilada enaga bo‘lib ishlayapman.

Foto: “Yandeks”

Erim giyohvandligi uchun ajrashganman

Uydagilarim 19 yoshimda turmushga uzatishgan. Bir yil o‘tib qizli bo‘lganmiz. 22 yoshimda o‘g‘lim dunyoga kelgan. Men kelin bo‘lib tushgan xonadonning barcha a’zolari juda yaxshi insonlar edi. Ammo erim...

Na ishlardi, na uydagilarga tinchlik berardi. Bu ham yetmaganday, giyohvandlarga qo‘shilib qoldi.

Har kuni urush, janjal...  Kinolarda giyohvandlarning uyi qanday bo‘lsa, bizniki ham undan qolishmasdi. Hammasiga ko‘z yumib, bolalarim uchun oilamni saqlab qolishga ko‘p harakat qildim, ammo... Oxiri sabr kosam to‘ldi. Ko‘zimni chirt yumdim-da, bolalarimni olib, uydan chiqib ketdim.

Ochig‘i, ketganimdan keyin erim balki o‘zgarar, davolanib, bizni olgani kelar, deb umidimni uzmadim. Afsuski, u yomon odatlarini tashlamadi. Ko‘p o‘tmay qamalib ketdi.

Shundan so‘ng farzandlarim bilan qizlik uyimda yashay boshladim. Alhamdulillah, yaxshiyam, ota-onam bor ekan. Og‘ir kunimda qo‘llab-quvvatlashdi, dalda bo‘lishdi.

Foto: “Unsplash.com”

Bolalarim uchun kuchli bo‘lishim kerak edi...

O‘zim xohlab, tibbiy o‘quv muassasasining farmatsevtika yo‘nalishiga kirgandim. Bitirishim bilan uydagilarim turmushga berib yuborgani uchun ishlolmagandim.

Qizlik uyimga qaytib kelganimdan keyin ham uyda o‘tirdim. Farzandlarimga qaradim, turli kurslarga bordim. Tikuvchiga shogirdlikka tushdim. Kompyuterda ishlashni o‘rgandim. Xullas, umrimning ikki yili shu zaylda o‘tdi.

Bir kuni dadamga yo‘nalishim bo‘yicha ishlab, bolalarim kelajagi uchun o‘zim ham harakat qilmoqchiligimni aytdim. Ular roziligi bilan tumandagi dorixonada ishlay boshladim.

To‘g‘ri, oylik kam edi, lekin bolalarim kichkinaligi va ota-onam yordam berib turganlari uchun kam-ko‘stimizga yetardi.

Qaytib oila qurishni istamadim

Turmush o‘rtog‘im bilan rasman ajrashmagandim, chunki yana birga yashab ketishimga hali ham umid qilardim. Shu umid bilan uni to‘qqiz yil kutdim. Erim qamoqdan chiqdi. Ming afsuski, u zarracha ham o‘zgarmagandi. Oxiri o‘zim ariza berib, rasman ajrashdim.

Shundan keyin oila qurishni umuman istamadim, o‘ylamadim ham. Birgina niyatim bolalarimni hech kimga o‘ksitmay, oyoqqa turg‘izish bo‘ldi.

Bor vaqtimni ularga sarfladim. Ishdaligimda ota-onam, ukam qarardi. Uyga kelganimdan keyin o‘zim yana darslari bilan shug‘ullanardim.

Farzandlarimning tarbiyasiga, o‘qishiga juda qattiq turdim. Kezi kelganda ota kabi qattiqqo‘l, ona kabi muloyim bo‘ldim. Chunki odamlar otasi yo‘q ekan, tarbiyasi qanday bo‘lardi, deb gapirishlarini istamadim.

Allohga shukr, harakatlarim besamar ketmadi. Bolalarim juda tarbiyali, odobli bo‘lib voyaga yetdi. Ota-onamning yordamlari bilan katta qizimni turmushga uzatdik.

O‘g‘limni o‘qitish uchun Turkiyaga ishlashga ketdim

O‘g‘lim bolaligidan tirishqoq, zehni o‘tkir edi. Uning bilimli inson bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topishini istardim. O‘shanda kollejda o‘qiyotgan vaqt edi. Institutga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Repetitorlarda o‘qitish ham osonmas. Mabodo, kontraktga kirsa, uni to‘lashim lozim.

Mening oyligim esa yeb-ichishdan ortmas, yordam berib turadigan ota-onam allaqachon pensiyaga chiqqandi.

O‘sha paytlari bir tanish ayol Turkiyaga ishga chaqirgandi. Har taraflama o‘ylab, Turkiyaga ishga ketishga qaror qildim. Ammo uydagilarim boshida qarshilik qilishdi.

Turkiyada yomon ayollar ishlaydi, borganlarni ham yo‘ldan urishadi, degan gaplarni eshitdim. To‘g‘risi, o‘zim ham boshida qo‘rqdim. Lekin meni ishga chaqirgan ayol tanish, aldab ketadigan ayol emas edi. Ota-onamga vaziyatimni tushuntirib, roziliklarini oldim. Allohga tavakkal qilib, Turkiyaga ishlashga keldim.

Foto: Google Images

Musofirchilikda ko‘p qiynaldim

Sababi umuman til bilmasdim. 22 kun davomida bitta uydan chiqmay, turk tilini o‘rgandim. Muloqot qilishni boshlaganimdan keyin bir oilaga enaga bo‘lib ishga kirdim. Vazifam olti oylik bolaga qarash va uy ishlarini qilish edi. 600 dollar atrofida oylik olardim.

O‘sha xonadonda yashardim. Yaxshi oila edi. Menga ham yaxshi munosabatda bo‘lishar, men ham qizaloqqa o‘zimning nabiramdek qarardim. Bu uyda bir yarim yildan ko‘proq ishladim. Bu orada qizaloq ham ancha katta bo‘lib qoldi. Unga qarash, qolaversa, uch etajli uy ishlari meni ancha charchatib qo‘ydi. Ishdan bo‘shadim.

Bir muncha vaqt dam olib, yana bir xonadonga ishga kirdim. Musulmon oila, mazhabimiz ham bir xil. Ayrim urf-odatlari biznikiga o‘xshab ketadi. Uyda barcha sharoitlar bor. Xonadonda yashab, 91 yoshli hoji onaga qarayman. Haftada bir kun dam olaman. Maoshim 500 dollar atrofida.

Hech kim Turkiyaga keliboq yomon bo‘lib qolmaydi

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz Turkiyada ishlayotgan ayollarni yomon, xulqi buzuq deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, bu yerda o‘zbek ayollari orasida yaxshisi ham, yomoni ham bor. Lekin Turkiyaga keliboq, hech qaysi ayol yomon bo‘lib qolmaydi. Vatanida o‘zi axloqi buzilgan bo‘ladi va bu yerda ham o‘sha ishini davom ettiradi. Undaylar bilan biz do‘st ham, suhbatdosh ham bo‘lmaymiz.

Biroq bolam-chaqam deb kelib, qiyin sharoitlarda ishlab, halol pul topayotgan muslima ayollarimiz juda ko‘p. Aksariyati men kabi oilalarda enaga, tikuvchi, sotuvchi, uy tozalovchi, hamshira bo‘lib ishlaydi.

Samarqandlik, qo‘qonlik ayollar bilan opa-singil bo‘lib olganmiz. Dam olish kunlarimiz ko‘rishib turamiz. Ba’zan ijarada turadigan dugonalarimiznikiga borib, osh qilib yeymiz.

Foto: “Unsplash.com”

Bolalarning o‘qishi uchun pul ayamaslik kerak ekan

Ukam ancha yillar oldin Angliyada o‘qib kelgandi. Shundan beri o‘g‘lim “ayajon, Xudo xohlasa, men ham katta bo‘lsam, chet elda o‘qiyman”, derdi. Unda yoshi kichkinaligi uchun uncha e’tibor bermasdim.

Ulg‘aysa-da, bu istagi so‘nmadi. O‘qishga tayyorgarlik ko‘rib yurgan paytlari ham xorijga topshirmoqchiman deb aytib yurdi.

Lekin o‘zim musofir bo‘lganimga o‘g‘limni hech uzoqqa yuborgim kelmadi. Chunki Turkiyaga kelgan yoshlar, ayniqsa, o‘g‘il bolalar juda qiynalardi. Yigitlarga ish topish qiyin, topsa ham, oyligi oz. Boshqa joylarda ham shunaqa, shekilli, deb o‘ylab, chet elga chiqmaysiz, o‘zimizda o‘qiysiz, o‘g‘lim, deb rozi bo‘lmadim.

Farzandim gapimga ko‘nib, viloyatdagi universitetga hujjatlarini topshirdi va kontraktga kirdi. O‘qish davomida ham “ayajon, baribir bir kuni Angliyaga ketaman”, deb yurdi.

Oxiri bobo-buvisini, ukamni ko‘ndiribdi. Ukam menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘lingiz bu yerda baribir o‘qimayapti, “yoshligimda borib, o‘qib kelay, balki onamga foydam tegar”, deyapti. Ruxsat bering, borib, ko‘rib kelsin. Keyin kelib, o‘qishini davom ettiraveradi, deb aytdi.

Oilaviy maslahatlashdik. Bolamning orzulariga to‘sqinlik qilgim kelmay, oxiri ketishiga rozi bo‘ldim.

Izlagan imkon toparkan

O‘g‘lim universitetdan akademik ta’til olib, IELTS’ga tayyorlanishni boshladi. Besh oy keyin topshirib, IELTS’dan 5,5 ball oldi. Angliyada o‘zbek talabalarni universitetga kirishiga yordam beruvchi agentlik ko‘magi bilan Londondagi oliygohga qabul qilindi.

O‘zbekistonga borib, o‘zim o‘g‘limni kuzatib keldim.

Tushundimki, hech qachon bolaning o‘qishi uchun pulni ayash kerak emas ekan. Farzandingiz bilimli, aqlli inson bo‘lishini istab, o‘zingiz ham shunga yarasha sharoit yaratib bersangiz, kelajakda natijasini ko‘raverarkansiz.

Foto: “Unsplash.com”

Angliyaga borgan payti pandemiya boshlanib qoldi. Shuning uchun ish topolmadi.

Bir tarafdan o‘zim ham xohlamadim. Chunki o‘g‘lim ishlashga emas, o‘qishga borgan. Men qo‘limdan kelganicha u o‘z yo‘lini topib olgunicha qo‘llab turaman.

Kuyovni yaxshilab surishtirish kerak ekan

Qizimni bir necha yil oldin turmushga berganmiz.

Uzatayotganda bo‘lajak kuyov o‘zi ishlab pul topadimi yoki ota-onasi boqadimi, oilasidagilar qanday odamlar, deb yaxshilab surishtirdik. Ukam o‘zi bilan gaplashdi.

Avvallari, bizning paytimizda, ota-onasi yaxshimi, bolasi ham yaxshi bo‘ladi deb surishtirmasdan, berib yuboraverishgan. Hozir hammasi o‘zgargan. Yaxshi odamlarning farzandi ham noqobil bo‘lishi mumkin ekan. Bola ertaga oilani olib keta oladimi, qizimni baxtli qila oladimi deb yaxshilab o‘ylab, gaplashib, keyin turmushga berdik. Allohga shukr, oilasi tinch, ikkita farzandi bor.

Foto: “Daryo”

Ota-onamning tug‘ilgan kunini Turkiyada nishonladik

Turkiyaga ishlagani kelganimdan beri ota-onam qanday joy, qanday ishlayapti, qiynalmayaptimikin, deb doim xavotir bo‘lishardi.

2019-yil yoz oylarida ukam bilan maslahat qilib, ayajonim va dadajonimning tug‘ilgan kunlariga Turkiyaga sayohat yo‘llanmasini sovg‘a qildik.

Ota-onam keldi, aeroportda o‘zim kutib oldim. Ishimdan 10 kun ruxsat olib, butun Istanbulni aylantirdim. Dengizga olib bordim. Masjidlarni birga ziyorat qildik. Qiz minorasini ko‘rgilari kelgandi. U yerga ham olib bordim. Tug‘ilgan kunlarini mehmonxonada zo‘r qilib nishonladik.

Ota-onam judayam xursand bo‘lishdi. Uyga qaytishayotib, Turkiya juda yaxshi joylar ekan, o‘zbeklar ko‘p ekan, endi xotirjam bo‘ldik, deyishdi.

Foto: “Unsplash.com”

Bilasizmi, ota-onam judayam yaxshi insonlar. Doimo ularga suyanganman. Lekin hozir juda qarib, qayoqqa yetaklasak, indamay boradigan bo‘lib qolishgan. Gohida bolam-chaqam deb yugurib, ota-onamizning duolarini olishimiz kerakligini unutib qo‘yamiz.

Uch yildan so‘ng O‘zbekistonga qaytaman

Xorijga ishga ketishimning asosiy sababi o‘g‘limning o‘qishiga moliyaviy tarafdan yordam berish edi. Allohga shukr, niyatimga yetdim.

Hozir birinchi bosqichni tamomladi. Farzandimning niyati bakalavrni bitirib, magistraturani ham Angliyada o‘qish. Undan so‘ng bir muncha vaqt ishlab, O‘zbekistonga qaytadi.

Mening niyatim esa o‘g‘lim o‘qishini tamomlab, O‘zbekistonga qaytsa, uylaymiz. Ungacha Turkiyada yana uch yilcha ishlab, uylarimizni ta’mirlab olsak, uyimga butunlay qaytaman. Yaxshi kelin olib, ularning duosini qilib o‘tiraman. Inshaalloh, o‘sha kunlarga yetkazsin.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi

Loyihada ishtirok etishni istagan muhojir yurtdoshlarimiz Telegram’dagi @daryomuxbiriga murojaat qilishlari mumkin.