“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — Rossiyada ishlayotgan 19 yoshli muhojir yigit.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Shohrux, 19 yoshdaman. Surxondaryo viloyati Termiz tumanida tug‘ilganman. Hozir Moskvada ishlayman. To‘g‘risini aytsam, Rossiyaga boshqa migrantlar kabi biror yetishmovchilikdan emas, shunchaki O‘zbekistonda bekorchilikdan zerikib, ishlashga kelganman.

Foto: “Yandeks”

Yaxshi oylik olish uchun universitetda o‘qish kerak

Yanada ochiqroq aytadigan bo‘lsam, 2019-yilda 11-sinfni bitirib, universitetga o‘qishga topshirdim, lekin kirolmadim. Keyin Koreyaga ishga ketmoqchi bo‘ldim. Koreys tilini o‘rganishni boshladim. Bir muddat vaqt o‘tib, xorijga ishga jo‘natadigan tashkilotda tildan imtihon topshirdim. Afsuski, yana omadim kulmadi, testdan o‘tolmay, shu yerda qoldim.

O‘zimizda ishlolmadim, chunki oylik kam. Yaxshi maosh olish uchun esa to‘rt yil universitetda va yana ikki yil magistraturada o‘qish kerak. Bo‘lmasa, “normalniy” ish ham topish juda qiyin.

Xullas, O‘zbekistonda 10 oycha ishsiz yurdim. Bunday yurishimdan foyda yo‘q edi.

Rossiyada esa ko‘p tanishlarim ishlardi. Keyingi koreys tili imtihoniga qadar biroz mablag‘ yig‘ib olish niyatida Moskvaga keldim.

Yashash sharoitimiz yaxshi, bir xonada 8 kishi yashaymiz

Moskvadagi tanishim borgunimcha ish va joy topib qo‘ygandi. Shuning uchunmi, bilmadim, bu yerda boshqalarday qiyinchilikka duch kelmadim. Dastlab olti oy davomida gul yetishtiriladigan issiqxonada ishladim. Ishim yaxshi edi, lekin turar joylari... Xullas, boshqa ish topishga to‘g‘ri keldi.

Hozir qurilishda patent to‘lab, qonuniy ishlayapman. Ish vaqtimiz soat 8:00 dan 19:00 gacha. Ikki haftada bir kun dam olishga ruxsat bor. Maoshim oyiga 400-500 dollar atrofida.

Ishxonamizning yotoqxonasida turaman. Shuning uchun ijaraga pul to‘lamayman. Yashash sharoitimiz yaxshi. Bitta xonada sakkiz kishi yashaymiz. Uch mahal ovqat ham beradi. Ovqatlar juda zo‘r bo‘lmasa ham, qorinni aldaydi.

Yurtdoshlarimiz orasida ko‘cha supuruvchilari ham bor

Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasiga hech ham ishim tushmagan, tushmasin ham. Lekin yurtdoshlarimizning u yerga borib, shovqin ko‘targan videolarini ko‘rganman. Menimcha, agar o‘zbekistonliklar bu tashkilotning ko‘magini his qilganda, bunday videolar tarqalmasdi deb o‘ylayman.

Foto: “Yandeks”

Hozir ishlayotgan joyimizda o‘zbeklar juda ko‘p. Ular asosan qurilishda, muzlatkichli omborxonalarda, do‘konlarda ishlaydi. Hatto ko‘cha supuradiganlari ham bor.

Ruslarning bizga nisbatan muomalasiga kelsak, juda hurmat ham qilmaydi, juda yomon munosabatda ham bo‘lmaydi.

Yaqinlarimni oxirgi manziliga kuzatolmadim

Musofirchilikda yurib ko‘p narsani tushundim. Qarashlarim o‘zgardi. Oilamdagilarni, umuman, hammani vaqtida, fursat borida qadrlashni o‘rgandim. Chunki Rossiyadaligimda O‘zbekistondagi ko‘p yaqinlarim vafot etdi. Lekin uzoqdaligim uchun ularni oxirgi manziliga kuzatolmadim. To‘g‘ri, bu qismat hammaning boshida bor. Hammamiz kelib-ketguvchimiz, ammo baribir o‘z vazifamni ado etishim kerak edi.

Foto: “Yandeks”

O‘zbekistonda oyiga 400-500 dollar topib bo‘lmaydi

Balki mumkindir, lekin buning uchun yo kuniga 20 soatlab ishlash, yoki birovning haqqini yeyish kerak. Biroq bu mening e’tiqodimga to‘g‘ri kelmaydi. Ertaga javobi ham bor.

To‘g‘ri, tadbirkorlik qilib shuncha pul ishlash mumkindir, lekin boshlash uchun ham anchagina mablag‘ kerak. Shu sababli ham ko‘p o‘zbeklar chet elga chiqib ketgan.

Agar Rossiyadagi pulimning yarmini O‘zbekistondan topganimda edi, hoziroq Surxondaryoga qaytardim.

Foto: “Yandeks”

Eng katta niyatim — onamni hajga yuborish

Uch akam, uch opam bor. Hammasi uyli-joyli bo‘lib ketgan. Allohga shukr, biror yetishmovchilik yo‘q. Ammo odam pul topgandan keyin uning istaklari ham ko‘payib boraverarkan. Eng katta niyatim — onamni hajga yuborish. Keyin uyimizni ta’mirlashni, mashina olishni rejalashtiryapman.

Inshaalloh, O‘zbekistonga qaytsam, universitetga o‘qishga topshiraman. Agar o‘tolmasam, yana Koreyaga harakat qilib ko‘raman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

Loyihada ishtirok etishni istagan muhojir yurtdoshlarimiz Telegram’dagi @daryomuxbiriga murojaat qilishlari mumkin.