Qo‘shma Shtatlardagi United Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 samolyoti bilan bog‘liq hodisa dvigatel metallidagi “charchoq” (materialda shikastlanish to‘planishi) tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bu haqda AQSh Transport xavfsizligi milliy kengashi rahbari Robert Samoultga asoslanib, Reuters xabar berdi.

Foto: Reuters

Samoultning aytishicha, samolyot Kolorado shtatidagi Denver aeroportidan havoga ko‘tarilgach, taxminan, to‘rt daqiqa o‘tib, ikkinchi dvigatelda qattiq paqillash ovozi eshitilgan. O‘sha paytda samolyot, taxminan, 3,6 kilometr balandlikda bo‘lgan. Dvigatelning ikkita parragi sinib ketgan. Dvigatel qoplamasi Kolorado shtatidagi turar joy binolarining hovlisiga tushgan. Layner parvozdan 20 daqiqa o‘tgach, xavfsiz tarzda Denverga qaytib qo‘ngan. Samolyotning pastki qismida mayda shikastlanishlar mavjud.

Samuoltning so‘zlariga ko‘ra, Pratt & Whitney PW 4000-112 dvigatelining parraklari regulyator mutaxassislari nazorati ostida ishlab chiqaruvchi kompaniya laboratoriyasida qayta o‘rganiladi. Biroq xavfsizlik kengashi rahbari ushbu hodisa dvigatelning nazoratsiz ishdan chiqishi bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Hodisadan so‘ng Boeing kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab Pratt & Whitney 4000-112 dvigatellari bilan ishlaydigan 128 777 samolyotlari parvozini to‘xtatishini tavsiya qildi.

Ba’zi mamlakatlar, xususan, Buyuk Britaniya o‘z hududida ushbu turdagi dvigatel bilan ishlaydigan Boeing 777 samolyotlaridan foydalanishni taqiqladi.

Mamlakat transport vaziri Grant Sheppsning ma’lum qilishicha, taqiq vaqtinchalik amal qiladi. “Men vaziyatni nazorat qilish uchun Fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati bilan yaqindan ishlashda davom etaman”, — dedi vazir.

Britaniya hukumati manbalarining xabar berishicha, mazkur taqiq mamlakatga uyushtiriladigan parvozlarga ta’sir qilmaydi. Fuqaro aviatsiyasi ma’muriyatining ta’kidlashicha, ayni paytda Britaniyaning biror-bir aviakompaniyasi bunday dvigatelga ega Boeing 777 samolyotidan foydalanmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 21-fevral kuni United Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti parvoz paytida dvigatellaridan biri yonib ketganligi sababli AQShning Kolorado aeroporti Denver shahriga favqulodda qo‘ndi. Bortida 231 nafar yo‘lovchi va o‘n nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan Boeing 777 samolyoti Denverdan 20-fevral kuni Gonoluluga uchgan. Oradan vaqt o‘tib, samolyot dvigatellaridan birida yong‘in chiqqan. Ekipaj zudlik bilan uchish aeroportiga qaytishga qaror qilgan. Qo‘nish paytida samolyot dvigateli qoplamasining bir qismi uzilib, Kolorado shtatning Brumfild shahridagi turar joy binolari hovlisiga tushgan.