Namanganda elektropoyezd va yuk mashinasi to‘qnashib ketdi, deya xabar bermoqda viloyat IIB.

Foto: Namangan viloyati IIB

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 20-fevral kuni soat 07:10 larda Rouston-To‘raqo‘rg‘on temiryo‘l oralig‘idagi 82-kilometr 9-piketda Namangan tumani “Mirishkor” MFY hududidan o‘tgan, qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida Farg‘ona viloyatida yashovchi 24 yoshli haydovchi boshqaruvidagi “ZIL-131” rusumli yuk mashinasi harakat xavfsizligini ta’minlay olmagan.

Oqibatda temiryo‘lda harakatlanib kelayotgan elektropoyezd bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Foto: Namangan viloyati IIB

Natijada “ZIL-131” haydovchisi ko‘krak qafasi yopiq shikasti, o‘ng tomon qovurg‘alari yopiq sinishi tan jarohati bilan Namangan tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Elektropoyezd esa soat 07:48 da harakatni davom ettirgan.

Avvalroq Samarqandda 44 yoshli kishi poyezd urib ketishi oqibatida voqea joyida halok bo‘lgani, Toshkentda o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan qiz o‘zini poyezd ostiga tashlagani hamda Surxondaryoda Damas harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdiga kelib urilgani haqida xabar berilgandi.