10-fevral kuni Toshkent viloyatida 55 million so‘mga yaqin qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB Axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan F.R. tanishlari 1997-yilda tug‘ilgan J.T. va A.A. bilan birgalikda noqonuniy ravishda qalbaki pullarni yasab, ularni muomalaga kiritish maqsadida tayyorlayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Tadbir davomida ushlangan shaxslardan 58 dona kesilgan, 490 dona kesilmagan qalbaki 100 ming so‘mlik kupyuralar, rangli printer, 2 quti maxsus qog‘ozlar, pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyo sifatida olingan.

Mazkur holat bo‘yicha mazkur shaxslarga nisbatan Toshkent tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Shayxontohurda qalbaki 50 ming so‘mlik kupyuralarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan xonadon faoliyati fosh etilgani, Namanganda 50 ming va 100 ming so‘mlik kupyuralarni, Samarqandda esa 100 ming so‘mlik kupyurani qalbakilashtirgan shaxslar ushlangani hamda Kattaqo‘rg‘onda qalbaki 300 dollarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.