Samarqand viloyati Urgut tumanida qalbaki pul ishlab chiqarib, muomalaga kiritib kelgan shaxslar qo‘lga olindi.

Foto: Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati

Viloyat IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB hamda DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda tumanning “Qolduvoyjar” mahallasida yashovchi B.I. uyida o‘ziga tegishli bo‘lgan rangli printeri orqali 100 000 so‘mlik kupyuradagi qalbaki pullarni noqonuniy ravishda ishlab chiqarib, muomalaga kiritib kelgani aniqlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, B.I.ning qarindoshi D.ning yashash uyi ko‘zdan kechirilganida ushbu shaxs ham o‘zining yashash uyida jami 3,5 million so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni saqlab kelayotgani aniqlanib, daliliy ashyolar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz,  Jinoyat kodeksining 176-moddasiga ko‘ra, qalbaki banknotlar, metall tangalar, aksiz markalar, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar yasash va ularni muomalaga kiritish holatlari aniqlansa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.

Yuz ming so‘mlik kupyura 2019-yilning 25-fevralidan boshlab muomalaga chiqarilgandi. Uni qalbakilashtirish holatlari avval ham ko‘p qayd etilgan. Xususan, Toshkent, Andijonda qalbaki kupyuralarni bozorda muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan.