Sirdaryo viloyatida tadbirkorlar va fuqarolarga zo‘ravonlik o‘tkazish orqali tovlamachilik va qo‘rqitish yo‘li bilan ulush undirib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, mazkur jinoiy guruh Guliston shahar, Guliston hamda Xovos tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarni jinoiy guruhga mablag‘ to‘lamaganligi sababli doimiy qo‘rqitish, ularga jismoniy tazyiq o‘tkazish va boshqa turdagi jinoyatlarni sodir etib kelgan. Jabr ko‘rganlar esa hayotlari va oila a’zolarining xavfsizligini o‘ylab huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmagan.

11-fevral kuni Sirdaryo viloyati IIB va DXX Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoiy guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Xususan, Guliston shahri va tumanida yashovchi fuqarolar, 1983-yilda tug‘ilgan “Maman” taxallusli A.M., 1994-yilda tug‘ilgan M.A., 1968-yilda tug‘ilgan X.E., 1992-yilda tug‘ilgan Z.A., 1991-yilda tug‘ilgan E.O. va 1984-yilda tug‘ilgan E.S. va 1994-yilda tug‘ilgan X.Sh. o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga transport xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar va fuqarolardan noqonuniy ulush olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Guruh a’zolarining yashash joylarida o‘tkazilgan tintuv davomida jinoyatga aloqador daliliy ashyolar topilgan va ulardan jabr ko‘rgan shaxslarning shikoyat va arizalari to‘plangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat IIB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-, 105-, 165-moddalarining (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, tovlamachilik) tegishli qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatchilar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq DXX “Yallama” postida tovlamachilik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruhni fosh etgani, Toshkent viloyatida giyohvand moddalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.