Polshada 1,7 million aholi koronavirusga qarshi emlandi, ularning 1,5 mingtasida nojo‘ya ta’sirlar kuzatildi va 11 kishi vafot etdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining bu holatga bergan sharhiga ko‘ra, o‘lim sababi boshqa omillar bo‘lishi ham mumkin. Shifokorlar kamida ikkita holatda bemorlarning o‘limi emlash bilan bog‘liqligiga shubha bildirdi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu hisobotlarni baholash vakolatiga ega emas va emlash muayyan holatda bemorning o‘limiga sabab bo‘lganini tasdiqlay olmaydi”, — ta’kidladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Voytsex Andrusevich.
Uning so‘zlariga ko‘ra, emlashdan keyin bemorda nojo‘ya ta’sirlar mavjud bo‘lsa, tekshiruv o‘tkaziladi. Bunda Davlat sanitariya-epidemiologiya inspeksiyasi, Xalq salomatligi instituti, Davlat gigiyena departamenti, Farmatsevtika inspeksiyasi va vaksina ishlab chiqaruvchisi ishtirok etadi. Ular birgalikda vaksinaning bemor o‘limiga qay darajada aloqadorligini o‘rganadi.
Polshada emlash 27-dekabrdan boshlangan. Bugungacha 1,7 milliondan ortiq aholi emlandi, ularning 500 mingga yaqini ikkinchi dozani ham qabul qilib oldi. Emlanganlarni asosan qariyalar va tibbiyot xodimlari tashkil qiladi. 2021-yilning birinchi choragi oxirigacha uch milliondan ortiq aholi emlanishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)