Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida qimorxona faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yil 8-fevral kuni Samarqand viloyat IIB, viloyat DXX hamda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar Do‘st Ishbekov ko‘chasida yashovchi, 1980-tug‘ilgan fuqaro M.F. pul evaziga xo‘rozlarni urishtirish uchun maxsus joy tashkil qilib, xo‘roz urishtirish uchun kelgan har bir fuqarodan 10 ming so‘mdan pul olib kelgani aniqlangan.
Jami 3 nafar fuqaro xo‘rozlarini urushtirish uchun, 70 ga yaqin fuqaro esa tomoshaga kelganligi aniqlangan. 3 nafar fuqaroning cho‘ntagidan marixuanna giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davomida 51 nafar fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismi (epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish)ga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Izoh (0)