Bishkekning sobiq meri Albek Ibraimovga qarshi korrupsiyaga bog‘liq bo‘lgan holatlar bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga asoslanib.

Foto: “Sputnik.kg”

“Albek Ibraimovga sirtdan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 319-moddasi 1-qismi (korrupsiya) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Nazorat qiluvchi organning so‘zlariga ko‘ra, Ibraimov Bishkek meri va Manas xalqaro aeroporti direktorlar kengashi raisi bo‘lganida Turkiyaning “Gata havo yo‘llari va transport” kompaniyasi va xalqaro aeroportning ba’zi rasmiylariga noqonuniy imtiyozlar berish orqali foyda olishni ko‘zlagan.

Shuningdek, Ibraimov 2011-yilda mamlakatdagi eng yirik “TNK Dastan” harbiy-sanoat korxonasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan paytida ishonib topshirilgan mol-mulkni o‘g‘irlash va talon-toroj qilishda aybdor deb topilgan. Tergov 12 ta jangovar torpedani Hindistonga yetkazib berish paytida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan deb hisoblaydi, shuningdek, u munitsipal yer uchastkalarini sotish bo‘yicha korrupsiya sxemasini tuzishda aybdor deb topilgan va barcha jinoyatlar uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sobiq shahar hokimi qamoqdan 5-oktabrdan 6-oktabrga o‘tar kechasi yuz bergan tartibsizliklar fonida ozod qilingan. Ibraimov Jazoni ijro etish davlat xizmatining koloniyaga ixtiyoriy ravishda qaytish to‘g‘risidagi murojaatini inkor qildi va hozirda xalqaro qidiruvda.

Avvalroq Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati rahbari davolanish uchun chet elga ketgani, Abdulla Aripov Olmaotada Qirg‘iziston bosh vaziri Ulug‘bek Maripov bilan uchrashgani hamda Qirg‘izistonda bir hafta ichida ikkinchi sobiq bosh vazir qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.