“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — yetti yildan buyon Rossiyada ishlayotgan yigit.
Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.
To‘g‘ri, hech qayerda pul topish oson emas, ammo...
2008-yilda maktabni tamomlab, tumanimizdagi kollejga o‘qishga kirdim. O‘qish mobaynida pul topish uchun o‘zimni turli yo‘nalishlarda sinab ko‘rganman. Hatto savdogarlik ham qilganman.Kollejni bitirganimdan keyin ikki yil Toshkentda ham ishlab keldim. Ammo hech ishim yurishavermadi. Topgan pulim biror narsa xarid qilishga yetmasdi. Oxiri boshqa muhojirlar kabi men ham Rossiyaga ishga ketishga majbur bo‘ldim.
To‘g‘ri, hech qayerda pul topish osonmas, lekin Rossiyada o‘zimizga nisbatan ko‘proq va yaxshiroq pul topish mumkin edi. Shunday qilib, 2013-yil Rostov-Don shahriga keldim.
Rus tilini bilmasligim doim pand berardi
Dastlab ishni yog‘och o‘ymakorligi va duradgorlikdan boshladim. Bu hunarlar menga begona bo‘lgani uchun boshida juda qiynaldim. Rus tilida gaplasholmasligim ko‘p pand berdi.Oradan bir yil o‘tib, rus tilini yaxshi o‘rgandim. Ish bilan birga internetda maishiy texnika sotishni boshladim. Savdoda elektronikaga qiziqishim, yaxshi bilishim rosa asqatdi.
O‘z ustimda tinimsiz ishlardim. Ba’zan tovarim sotilmay qolib ketar, reklama qilib, yana ularni sotishga harakat qilardim. Xullas, bir muddat shu tarzda ishlab, mablag‘ yig‘dim. 2016-yil dekabrda O‘zbekistonga keldim, uylandim va yana Rossiyaga qaytdim.
“Nima uchun yana ketdingiz? Shu ishlaringizni O‘zbekistonda ham qilsangiz bo‘lardi-ku”, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, o‘zimizda qolib, ishlasam bo‘lardi, ammo bu yerda ko‘p ishlar qildim. Hatto tadbirkorlik ham.
Endi biror yumushni etagidan tutgan paytim kimdir oyog‘imdan chalardi va harakatlarim salbiy oqibatlar bilan tugardi. Shuncha harakatlaringizni bir kunda puchga chiqarishlari hafsalangizni pir qiladi. Qancha xohlamang, kimdir ishingizga qarshilik qilib tursa, siz qaytib u ishga urinmaysiz.
Rossiyada biznesimni yo‘lga qo‘ydim
Hozirgi kunda Rostov-Donda qarindoshlarim bilan qonuniy ishlaymiz. Ishimizda har oy maosh to‘lanmaydi. Belgilangan vazifa qancha tez va sifatli tugatilsa, shuncha tez pul beriladi.Shuningdek, onlayn biznesimni ham yuritaman. Hozirda bir oylik daromadim taxminan 1400-1500 dollar atrofida.
Aylangani emas, ishlagani kelganmiz
Musofirlikning noni shirin, azobi yashirin bo‘ladi deyishadi. Ba’zan uyga charchab kelganimizdan ovqat yemay uxlab qolamiz. Aytilgan vazifani bitirib berish uchun gohida 23:00-00:00 gacha ishlashimizga to‘g‘ri keladi.Rossiyada ham xuddi O‘zbekistondagi kabi turli bayramlar, sayllar ko‘p o‘tkaziladi. Ammo sheriklarim bilan hech qayerga bormay, ishlaymiz. Chunki biz aylangani emas, ishlagani kelganmiz. Qoidaga ko‘ra bayram yoki dam olish kunlari emas, faqat ish tugagan paytdagina tin olishimiz mumkin. Men o‘sha paytlari ham dam olmay, shaxsiy biznesim ustida ishlardim.
Yashash joyimiz Rostov-Don shahrining markazida joylashgan. Turar joy o‘z hisobimizdan. Hovlida besh kishimiz, biz bilan uyning egasi ham istiqomat qiladi. Uyda barcha sharoitlar yaratilgan, issiq suv, gaz va elektr uzluksiz beriladi.
O‘zbeklarga past nazar bilan qarashadi
Bu yerda hamyurtlarimiz ko‘p. Aksariyati qurilish, tom yopish, oshxona va savdo shoxobchalarida ishlaydi. To‘g‘risini aytsam, o‘zbeklarga ruslarning hammasi ham yaxshi ko‘z bilan qarayvermaydi. Har xil odam bor, kimdir yaxshi ko‘radi, kimdir yomon. Men buni to‘g‘ri qabul qilaman.Rossiyada ishlab, Toshkentdan ham uy sotib oldim
Oilada to‘ng‘ich farzandman. Singlim turmushga chiqqan. Ukam institutda o‘qiydi. Oilaliman, ikki nafar o‘g‘lim bor.Muhojirlikda kechirgan yetti yillik umrim davomida Qashqadaryodan va Toshkentdan hovli va mashina sotib oldim. Tadbirkorlik faoliyatimni boshlash uchun bir muncha mablag‘ yig‘dim.
Ayni paytdagi niyatim biznes g‘oyalarimni amalga oshirish va ishlarimni kengaytirish.
P/S: Maqola chop etilgunga qadar suhbatdoshimiz O‘zbekistonga qaytib keldi. Shu sababli uning ayni paytdagi rejalari haqida so‘radik.
O‘zbekistonga qaytish niyatim yo‘q edi, ammo...
Ochig‘i, O‘zbekistonga qaytish niyatim yo‘q edi. Ammo do‘stlarimdan hozir tadbirkorlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarni, qulayliklarni eshitib qaytib keldim. Ayni paytda Qashqadaryodaman.Maqsadim — yana bir bor tadbirkorlikda o‘zimni sinab ko‘rish. Ayni paytda yangi firma ochib, qandolat mahsulotlarini tayyorlab sotishni rejalashtiryapman.
To‘g‘ri, o‘zimizda Rossiyadagidek 1000-1500 dollar topishim qiyinroq. Mayliga, harqalay oilamdan uzoqda bo‘lmayman.
Umid qilamanki, endi hammasi yaxshi bo‘ladi va men Rossiyaga yana qaytib ketishga majbur bo‘lmayman.
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.
Mavzuga doir:
- “O‘qimaganimda edi, hayot shu ekan deb yuraverardim”. 9 yildan beri Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojir hikoyasi
- “Koreyada ishlab, kuniga 100-200 dollar topaman deb o‘ylayotganlar adashadi”. Janubiy Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojir yigit hikoyasi
- “Rossiyaga qarzlarimdan qutulish uchun qochib kelganman”. Namanganlik muhojir yigit bilan suhbat
Loyihada ishtirok etishni istagan muhojir yurtdoshlarimiz Telegram’dagi @daryomuxbiri’ga murojaat qilishlari mumkin.