Samarqandda o‘zganing shaxsiy ma’lumotlarini TikTok’da tarqatish bilan qo‘rqitib, tovlamachilik qilgan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan A. ismli fuqaro Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, 2021-yilning 26-yanvar kuni telefoniga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini samarqandlik Fedya deb tanishtirgani hamda tanishi B. ismli fuqaro bilan o‘rtasidagi shaxsiy suhbatlar, fotosurat va videotasvirlarni TikTok’dagi sahifasida tarqatish bilan qo‘rqitib, evaziga 1 million so‘m talab qilayotganini bildirgan.
2021-yil 27-yanvar kuni viloyat IIB tezkor vakillari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Toyloq tumanining Jumabozor qishlog‘ida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan B.F. va 1992-yilda tug‘ilgan F.B. fuqaro A.ga tegishli bo‘lgan simkartani talab qilingan 1 million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanib, hujjatlashtirib olingan.
Viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.