O‘zbekistonda 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab bitiruvchilarning baholari OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinishi kutilmoqda. Bu haqda DTM 1-fevral kuni hukumatning tegishli qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 2020-yilning oktabr oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda maktab bitiruvchilarning 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinishi haqida aytgandi.
“O‘quvchi maktabda 11 yil o‘qiyapti, lekin taqdiri bir kunda hal bo‘lyapti. Balki o‘sha kuni kasal bo‘lgandir, balki yaxshi uxlamagandir. Shu bois Prezidentimiz bu bo‘yicha topshiriq berganlar, o‘quvchilarning maktabda olgan baholari, ya’ni oxirgi olti yillik natijalari inobatga olinadi”, — degan edi u.
Qaror loyihasiga ko‘ra, 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (attestati) (diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.
Ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablariga mas’ul vazirlik va idoralar 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab o‘z bitiruvchilarining so‘nggi 6 yillik baholarini aks ettiruvchi elektron platforma yaratadi. Baholar elektron platformaga har o‘quv yili uchun iyun oyida kiritiladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi bitiruvchilari bahosining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblashda bitiruvchining 6–11-sinflardagi yillik baholarining umumiy yig‘indisi har bir sinfdagi o‘qigan fanlar sonining umumiy yig‘indisiga nisbati olinadi.
O‘rta maxsus ta’lim muassasalari va qabuli 9-sinf negizi asosida amalga oshiriladigan kasb-hunar maktablari (kollej, litsey) bitiruvchilari bahosining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblashda bitiruvchining 6—9-sinflardagi hamda 1—2-bosqichdagi umumta’lim fanlari bo‘yicha yillik baholarining umumiy yig‘indisi o‘qigan umumta’lim fanlari sonining umumiy yig‘indisiga nisbati olinadi.
2023-yil 1-yanvarga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini tamomlagan bitiruvchilarning shahodatnomasi (attestati)dagi yoki diplom ilovasidagi umumta’lim fanlari bo‘yicha baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini aks ettiruvchi maxsus elektron platforma DTM tomonidan 2022-yil 1-yanvardan boshlab ishga tushiriladi.
Mavzuga doir:
- Xalq ta’limi vaziri: “Keyingi kirish imtihonlarida o‘zbek tili bo‘yicha grammatika emas, to‘rtta ko‘nikma test qilinadi”
- Sherzod Shermatov o‘quvchilari OTMga kira olmagan maktablar soni 2020-yilda 3 barobarga kamayganini ma’lum qildi
- Sherzod Shermatov: “Maktablar ta’lim beradigan emas, ish beradigan muassasaga aylanib qolgan”
Izoh (0)