O‘zbekistonda 2021—2022-yillarda mahalla qo‘mitalari uchun 1,7 trillion so‘mga 2951 ta bino qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 1-fevraldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini tashkil etish bo‘yicha 2021—2022-yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilgan.
Dasturning 2021-yilda amalga oshiriladigan birinchi bosqichi doirasida 1881 ta bino qurilishi kutilmoqda. Buning uchun 1,068 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘dan 866,5 milliard so‘m davlat-xususiy sherikchilik asosida, qolgan 203,4 milliard so‘m esa mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi.
Ikkinchi bosqichda — 2022-yilda mamlakat bo‘ylab yana 1070 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binosi paydo bo‘ladi. Buning uchun yana 633,3 milliard so‘m ajratiladi. Xarajatlarning 485,2 milliard so‘mi davlat-xususiy sherikchilik asosida, 148,1 milliard so‘mi mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan yo‘naltiriladi.
Hujjatda qayd etilishicha, qurilayotgan binolarga zarur tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalarini o‘tkazish, elektr, gaz ta’minoti va aloqa qismi bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘ztransgaz” va “O‘zbektelekom” mablag‘lari jalb etiladi.
Binolarni mebel, texnika, boshqa uskuna va jihozlar bilan ta’minlash xarajatlari “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari, grantlar, kreditlar, hokimliklarning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Mahalla qo‘mitasining har bir binosida vazirlikning hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo‘linmalari joylashtiriladi.
Avvalroq “Mahalla raisi — islohotchi” tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib borishi rejalashtirilgan.