Italiyaning Montikyari shahridagi kasalxonaning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Karlo Moska koykalarni bo‘shatish uchun koronavirus bilan kasallanganlarni o‘ldirganlikda gumon qilindi. Bu haqda La Repubblica xabar bermoqda

Foto: Shutterstock

Nashrning yozishicha, 47 yoshli shifokor yaqin vaqtgacha qahramon hisoblab kelingan. Chunki u tun-u kun koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullangan. O‘tgan yilning bahorida Italiya COVID-19 tarqalishi bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan paytda Moska bemorlar hayotini saqlab qolish bilan band bo‘lib, oila a’zolarini 2 oy davomida ko‘rmagan. Endi esa uni “o‘lim shifokori” deb atashmoqda.

Moska ishlagan klinika hamshiralarining aytishicha, koronavirusni davolash protokoliga kiritilmagan bo‘lsa-da, shifokor kuchli ta’sir etuvchi preparatlar olib kelishni tez-tez talab qilgan. Bundan tashqari, u og‘ir bemorlar bilan xoli qoldirishni so‘ragan va bu ham unga bo‘lgan shubhalarni oshirgan.

Shifokor harakati oqibatida bemorlarning ikki nafari vafot etgani ma’lum. Xususan, Italiya prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida Moska 61 yoshli Bassi va 80 yoshli Anjelo Palettiga kuchli ta’sir etuvchi anestezik — propafolning katta dozasini bergan. Ayni paytda huquq-tartibot xodimlari uning Lombardiya kasalxonasidagi 4 ta o‘lim holatiga aloqadorligini tekshirmoqda.

Shifokor nima maqsadda bunday yo‘l tutgani noma’lum. Hamkasblarining fikricha, shifokor pandemiya sharoitida ish og‘irlashganidan aqldan ozgan. Biroq politsiya yangi bemorlarga joy bo‘shatish uchun zaif bo‘lgan kasallardan xalos bo‘lgan, deb taxmin qilmoqda.

Politsiya bemorlar o‘limi va mijozlar kasallik varaqasidagi yozuvlarni soxtalashtirishda gumon qilib shifokorni hibsga olgan. Shifokorning o‘zi esa bu ayblovlarni tan olmayapti.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Italiyada pandemiya boshidan buyon 2,4 milliondan ortiq kishi koronavirusga chalingani qayd etilgan, ularning 86 mingdan ortig‘i vafot etgan. Mamlakat kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda sakkizinchi o‘rinda.