AQShning yangi administratsiyasi Vashington hamda “Tolibon” harakati o‘rtasida imzolangan kelishuvni qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani TOLOnews telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Ashraf G‘ani, Afg‘oniston prezidenti

Foto: Reuters

Ashraf G‘anining so‘zlariga ko‘ra, AQSh zudlik bilan “Tolibon” harakati vakillari bilan imzolangan kelishuvni qayta o‘rganib chiqadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington vakillari Kobul bilan mazkur bitimdan kelib chiqqan holda maslahatlashuvlar asosida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi.

Afg‘oniston prezidentining fikricha Oq uyga Jo Baydenning kelishi Kobul hamda Vashington o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

“Ikki mamlakat o‘rtasidagi hukumatlararo munosabatlar shakli eng oliy darajada bo‘lishiga umid qilaman”, – degan Ashraf G‘ani.